14 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha parlament komissiyasi yig‘ilishida koronavirusga qarshi profilaktik emlash tadbirlarini tashkil etish, sanitariya -epidemiologiya xizmati faoliyati samaradorligini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.

SES ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 18 yoshdan oshgan 21,45 mln kishi emlanadi. 12 oktabr holatiga ko‘ra, ushbu kontingentga jami 22,95 mln dozada vaksina (1-dozasi — 12,4 mln, 2-dozasi — 7,24 mln va 3- dozasi — 3,29 mln) qilingan. Shundan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasining 81,5 foizi, AstraZeneca vaksinasining 78,5 foizi, Sputnik V vaksinasining 62,4 foizi, Moderna vaksinasining 92,7 foizi hamda Pfizer vaksinasining 36,6 foizi ishlatilgan.

Parlament komissiyasi a’zolari tomonidan so‘nggi kunlarda kasallanish holatlari bolalar, shu jumladan maktab o‘quvchilari orasida ham tarqalayotganligi bilan bog‘liq masalaga alohida e’tibor qaratilib, ta’lim muassasalarida sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash yuzasidan zarur choralar ko‘rish lozimligi qayd etildi.

Komissiya yig‘ilishida koronavirusga qarshi emlash tadbirlari hamma joylarda ham samarali tashkil etilmaganligi, emlanish kerak bo‘lgan aholi qatlamlarining barchasi bu jarayonga jalb etilmaganligi tanqid ostiga olindi. Bunda tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirish ish beruvchilarning mas’uliyatini oshirish lozimligi ta’kidlandi.

Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va vaksina sotib olish uchun uchun 2021 yil Davlat budjetida 3 trln so‘m zaxira shakllantirilgan edi. Ayni paytda ushbu 3 tlrn so‘m mablag‘ to‘liq o‘zlashtirilgan.

Shuningdek, yana qo‘shimcha ajratilgan 1,3 trln so‘m mablag‘ning joylarga o‘z vaqtida yetkazilishi va maqsadli ishlatilishi ustidan deputatlik nazorati olib borilmoqda. Bugungi kunda ushbu ajratilgan mabalag‘larning 800 mlrd so‘mi o‘zlashtirib bo‘lingan.

Iyul oyi oxirida «Gazeta.uz» O‘zbekiston hukumati 1 noyabrga qadar aholining 70 foizini koronavirusga qarshi emlashni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. 15 oktabr holatiga ko‘ra, 5,6 mln kishi (26,1%) to‘liq emlangan.