Chernogoriya Ichki ishlar vazirligi investitsion dastur bo‘yicha mamlakat fuqaroligini olgan 166 kishining ro‘yxatini e’lon qildi.

Hujjat «Fuqarolar erkinliklari markazi» nodavlat tashkilotining murojaati bo‘yicha e’lon qilingan. Jamoatchilik investitsiyalar sababli Chernogoriya fuqaroligini berish bo‘yicha ijobiy qarorlar haqida ma’lumotlarni taqdim etishni so‘rashgan.

Ro‘yxatga 2020−2021 yillarda mamlakat fuqaroligini olgan 48 nafar ariza topshiruvchilar va ularning 188 nafar oila a’zolari kirishgan. Ularning aksariyati rossiyaliklar va ukrainaliklar bo‘lib, shuningdek Xitoy, AQSh va boshqa mamlakatlar fuqarolari ham bor.

Fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari yashiringan, biroq ularning ismlari va tug‘ilgan joylari haqida ma’lumot ochiqligicha qoldirilgan.

Shunday qilib, ro‘yxatdagilar orasida O‘zbekistonning Samarqand viloyatida tug‘ilgan Yuliya Blotskaya ham Chernogoriya fuqaroligini olganligi aytilgan.

Cherrnogoriya hukumati 2019 yilning noyabr oyida «investitsiyalar uchun fuqarolik» dasturini e’lon qilgan edi. Tasdiqlangan loyihaga 250 mingdan 450 ming yevrogacha (hududga qarab) sarmoya kiritgan va hukumat jamg‘armasiga 100 ming yevro to‘lagan investor Chernogoriya pasportiga ega bo‘lishi mumkin.

Yevropa ittifoqi ushbu «oltin pasportlarni» tanqid qilganidan so‘ng Chernogoriya 2022 yil oxirigacha ushbu dasturni yopish majburiyatini oldi.

Oldinroq, Buyuk Britaniya 2008 — 2020 yillar mobaynida 12 nafar o‘zbekistonlikka «oltin viza» berganligi ma’lum bo‘lgan edi. Lekin ularning kimligi haqida ma’lumotlar ochiq emas.