O‘zbekistonning sobiq moliya vaziri, sobiq bosh vazir o‘rinbosari, hozirda «O‘zbekinvest» kompaniyasi rahbari sifatida faoliyat yuritayotgan Rustam Azimov 2017 yil iyun oyida hukumatdagi lavozimini tark etganidan so‘ng birinchi marotaba OAVda chiqish qildi. U O‘zA uchun maqola yozdi.

Azimov o‘z maqolasida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov davridagi muhim voqealarga to‘xtalib, uning qo‘l ostida ishlaganini eslaydi.

«Birinchi Prezidentimizning qo‘l ostilarida 25 yil ishlash men uchun juda katta ham maktab, ham sinov edi. Islom Abdug‘aniyevich Karimov o‘ta talabchan inson edilar. Lekin ular ushbu talabchanlikni oldin o‘zlariga qaratar, keyin qo‘l ostida ishlaydiganlardan talab qilar edilar», — deydi u.

Shundan keyin, u so‘nggi besh yilda O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlarni e’tirof etadi.

Sobiq hukumat a’zosi O‘zbekiston ushbu davrda demokratik jamiyatni qurishga kirishganini va bu oson bo‘lmaganini ta’kidlaydi.

«Ekspert va mutaxassislar „bu qadamni bosishning vaqti hali kelmadi, Siz ham, mahalliy hokimliklar ham juda katta qiyinchiliklarga duch kelasizlar“ deb muhtaram prezidentimizni bu yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘lishgan. Lekin, Shavkat Miromonovich o‘zlarining metin irodalari tufayli juda to‘g‘ri va dono qaror qabul qildilar. Chunki, demokratiya bo‘lmagan davlatda rivojlanish bo‘lishi juda qiyin. Qo‘pol qilib aytganda, bir qushning qanotlarini kesib tashlasangiz, u uchmaydi. Demokratiya xalqimizning qanotlarni keng yoyib, parvoz qilishga, ya’ni ijodkorlik, tashabbuskorlik va yangilikka intilishga bo‘lgan xususiyatlariga keng yo‘l ochdi», — deya ta’kidlaydi u.

Bundan tashqari, u mamlakatdagi iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha islohotlarga ham to‘xtalib o‘tgan.

Rustam Azimov mamlakatda yig‘ilib qolgan muammolarni «faqat o‘zimizning chegaralangan manbalar hisobidan to‘liq hal qilishning imkoni yo‘q"ligini ta’kidlaydi. Shuning uchun O‘zbekiston chetdan qarz olishga majburligini aytadi.

«To‘g‘ri, qarz oshmoqda, lekin shu bilan birga iqtisodiyotimiz ham tez sur’atlar bilan o‘smoqda, o‘sayotgan iqtisodiyot esa, mening fikrimcha, bu qarzlarni o‘z vaqtida to‘lashga to‘liq imkoniyat beradi», — deydi sobiq moliya vaziri.

Azimov mamlakatdagi boshqa sohalardagi oxirgi besh yildagi islohotlar va yutuqlarda ham amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning xizmatlarini e’tirof etadi.

«35 million aholi farovonligini oshirish va hayotini tubdan har tomonlama isloh qilish dasturini ishlab chiqish va boshqarish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Bu o‘ta og‘ir yukni faqat davlatimizda vaziyatni chuqur biladigan, boy bilim va tajribaga ega bo‘lgan, irodali va dovyurak, oliy darajadagi tashkilotchilik qobiliyatiga ega — milliy lider Shavkat Mirziyoyev matonat bilan o‘z zimmalariga olib, amalga oshirmoqdalar», — deydi u.

U Shavkat Mirziyoyev bosh vazir lavozimida ishlagan paytlarida ham ko‘p dolzarb masalalarni o‘z zimmasiga olib, ijobiy tomonga hal qilishga harakat qilib kelganligini ta’kidladi.

«Misol uchun, paxta hosiliga bevosita shaxsiy mas’ul bo‘lishlariga qaramasdan, qonimizga singgan „amri vojib“ degan tushunchani chetga surib qo‘yib, qat’iyat bilan maktab bolalarini paxta yig‘im-terimida dalaga chiqarmaslikka qaror qildilar va mahalliy hokimlarni ham shunga undadilar», — deydi sobiq bosh vazir o‘rinbosari.

«Yechilishi lozim bo‘lgan eng dolzarb masalalardan, avvalambor, yoshlarimizga sifatli ta’lim va to‘g‘ri tarbiya berishimiz, iqtisodiy jihatdan ommaviy ravishda yangi zamonaviy ish joylarini xususiy biznes orqali barpo etish va cho‘l yerlarda 4 yil ishlagan inson sifatida o‘ylaymanki, suv resurslaridan chuqur o‘ylangan va uzoq muddatli oqilona foydalanish strategiyasi asosida amalga oshirilgan ishlar natijasidagina davlatimiz va xalqimiz so‘zsiz o‘z maqsadu murodiga yetadi», — deydi Rustam Azimov.


Ma’lumot uchun, Rustam Sodiqovich Azimov (1958 yilda tug‘ilgan) 1998 yildan moliya vaziri, iqtisodiyot vaziri, bosh vazirning o‘rinbosari va birinchi o‘rinbosari lavozlimlarida foaliyat olib borgan.

2016 yil 8 sentabr kuni Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekiston prezidenti vazifa va vakolatlari vaqtincha yuklatilgan parlamentining qo‘shma majlisida Rustam Azimov ham nutq so‘zlab, Mirziyoyevni «Islom Karimovning sodiq shogirdi va siyosiy farzandi» deya ta’riflagan edi.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng 2016 yilning dekabrida u moliya vaziri lavozimidan ozod etilib, bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlangan edi. 2017 yilning iyun oyida bosh vazir o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, «O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi rahbari etib tayinlangan edi.

Amaldagi prezident Rustam Azimov rahbarligidagi Moliya vazirligining faoliyatini tanqid qilgan edi. 2017 yilning dekabrida u Oliy Majlisga murojaatnomasida shunday degan edi:

«Nega men Minfinda 15 yil o‘tirgan, lekin hech narsani tushunmagan hammani ishdan oldim? Men rahbarlarini ishdan oldim, lekin quyi pog‘ona hali o‘tiribdi. Hech narsa o‘zgarmayapti. Kelinglar, har bitta odamni boy qilaylik, xalq soliq to‘layaptiku. Biz undan hamma narsani tortib olsak, u qanday qilib soliq to‘laydi. Odamlar endi-endi o‘zgarishni boshlayapti, endi ishonishni boshlayapti, bular esa boshidan…»

Shavkat Mirziyoyev o‘sha paytdagi moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovdan (hozirda bosh vazir o‘rinbosari va iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri) moliyani tushunmaydiganlarni ishdan olish va tizimni «kalamushlardan» tozalashni talab qilgan edi: «O‘ylab ko‘r, atrofingdagi hammani hayda. Kecha u ogohlantirildi, agar o‘zgarishlar bo‘lmasa bir oydan keyin ishdan haydaladi. Bunaqa „moliyalar“ menga kerak emas». Bu chiqishdan so‘ng Moliya vazirligi tizimida «kadrlarni tozalash» boshlandi. 560 nafar xodim ishdan haydaldi.