Afg‘oniston uchun BMTning Qochqinlar masalalari bo‘yicha boshqarmasining gumanitar yordami ortilgan birinchi samolyot 15 oktabr kuni Termizga yetib keldi. Bu haqda boshqarmaning Twitter`dagi sahifasida xabar berildi. Bort BMTning Dubaydagi Logistika markazidan yetib keldi.

Oldinroq BMT agentligi yaqin kunlarda Afg‘oniston uchun gumanitar yordam ortilgan uchta samolyot Termizga yuborilishi haqida ma’lumot berilgan edi. Keyinroq Termez Cargo Centre logistika markazi birinchi bort 15 oktabr kuni, keyingilari esa 16−17 oktabr kunlari yetib kelishini bildirgan edi.


«Biz O‘zbekiston hukumatiga va boshqarma hamda BMT O‘zbekistonning hamkorligi doirasida O‘zbekiston orqali Afg‘onistonga gumanitar yordamni yetkazib berishni amalga oshirishda ko‘maklashgan barcha mahalliy hamda xalqaro hamkorlarga minnatdorchilik bildiramiz», — deyiladi xabarda.

«Birinchi yukning umumiy hajmi — 32 tonnaga teng, bu birinchi ehtiyoj mahsulotlari», — dedi ushbu yukni Termizda qabul qilib olgan logistika markazi xodimi «Gazeta.uz» muxbiriga.

Logistika markazida gumanitar yordam yuk mashinalariga ortiladi, u yerdan esa Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahriga «Termiz — Hayraton» chegara punkti orqali yetkaziladi.

oktabr oyi boshidan beri Termizdagi logistika markazi Afg‘onistonga BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturining 40 vagon mahsulotlarini yubordi.