AQSh Mudofaa vazirligi vakillari oktabr oyida O‘zbekistonga tashrif chog‘ida AQShning terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha kuchlarini joylashtirish imkoniyatlarini muhokama qilishni rejalashtirgan. Bu haqda Politico o‘zining kongressdagi manbalariga tayanib xabar bermoqda.

«Pentagon rasmiylari shu oy O‘zbekistonga amaldagi xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik ishlarini muhokama qilish uchun tashrif buyurishadi. Kun tartibidagi eng muhim masala „gorizont orti“ terrorizmga qarshi kurashish kuchlarini joylashtirish imkoniyatini muhokama qilish bo‘ladi. Bu AQSh armiyasining kuzatuvini va Afg‘onistondagi mo‘ljallarga zarba berishini yengillashtiradi», — deyiladi xabarda.

Ma’lumotga ko‘ra, AQSh prezidenti Jo Baydenning ma’muriyati bir necha oylardan buyon amerika tomoniga «kelajakda mintaqaviy manfaatlarni himoya qilishda» yordam berishi mumkin bo‘lgan Afg‘oniston bilan chegaradosh O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar bilan muzokaralar olib bormoqda.

«Bunday terroristlar uchun potensial xavfsiz joyda mintaqaga geografik jihatdan yaqin do‘stga ega bo‘lish taktik va strategik jihatdan muhim», — deydi Avgust Pflyuger, AQSh Vakillar palatasi a’zosi.

Bundan tashqari, nashrning yozishicha, AQSh o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqqanidan keyin O‘zbekiston Amerika tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlarida yuqoriroq o‘rinlarga ko‘tarilgan.

Bunga so‘nggi paytlarda AQSh kongressi va boshqa idoralarining delegatsiyalarining O‘zbekistonga tashriflari (1, 2) faollashgani misol qilib keltirilgan.

Nashr ikkala mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning bunday rivojlanishida O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi faol va tizimli ish olib borgani ham qo‘l kelganini ta’kidlaydi.

Vakillar palatasi a’zosi Don Bekon «ular bizning ofisimiz bilan muloqot qiladigan eng faollardan biri va ular men ko‘rgan eng faol elchixonalardan biri» deya ta’rifladi O‘zbekistning Vashingtondagi vakolatxonasini. «O‘zbekiston elchixonasi biz ishlayotgan eng faol va professional elchixonalardan biridir», deydi The Humpty Dumpty Institute direktori Jozef Merant.

Bekonning aytishicha, u AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo to‘siqlarni olib tashlash taklifini ilgari suradi va hozirda Nebraskada qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston delegatsiyasini qabul qilish bo‘yicha ish olib bormoqda. U, shuningdek, Nebraska va O‘zbekistonning shaharlaridan biri o‘rtasida «birodar shaharlar» munosabatini o‘rnatishga umid bildirgan.

Avgust Plfyuger esa AQSh O‘zbekistonga suv tanqisligi muammosi bo‘yicha yordam berishi mumkinligini ta’kidlagan. U G‘arbiy Texas ushbu muammoni hal qilish bo‘yicha tajribaga ega ekanligini aytadi.

Ma’lumot uchun, 11 sentabr voqealaridan so‘ng, AQShning maxsus operatsion kuchlari 2001 yildan 2005 yilga qadar O‘zbekistondagi Qarshi-Xonobod bazasida joylashtirilgan edi. 2021 yilning boshida AQSh rasmiylari tomonidan ushbu bazada xizmat qilgan amerikalik harbiylarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilingan edi. Bunga sabab ushbu zonaning kimyoviy qurol qoldiqlari, qayta ishlangan uran va boshqa xavfli moddalar bilan zaharlanganligiga gumon borligida edi.