Qashqadaryoda o‘tgan 9 oyda YTHlar oqibatida 181 kishi vafot etgan

Qashqadaryoda 9 oyda sodir bo‘lgan 369 ta YTH oqibatida 181 kishi vafot etgan. Shundan 31 nafari voyaga yetmagan bolalar bo‘lgan. Hududlar kesimida eng ko‘p YTHlar Qarshi shahri hamda Chiroqchi va Qarshi tumanlarida sodir bo‘lgan.

Tashkent City bog‘iga kirish bepul bo‘ldi

Tashkent City bog‘iga kirish 14 oktabrdan bepul bo‘ldi. Avtotransport vositalari kirishi bundan mustasno.

AQSh O‘zbekiston bilan terrorizmga qarshi kurashish kuchlarini joylashtirishni muhokama qilmoqchi — OAV

Politico nashrining yozishicha, AQSh Mudofaa vazirligi vakillari oktabrda O‘zbekistondagi tashrif davomida AQShning terrorizmga qarshi kurashish kuchlarini joylashtirishni muhokama qilmoqchi. Shuningdek, Afg‘onistondan AQSh harbiylari chiqib ketgach, Amerika tashqi siyosatida O‘zbekistonning o‘rni mustahkamlashgani aytilmoqda. Bunda mamlakatning Vashingtondagi elchixonasining tizimli faoliyati e’tirof etilgan.

Alohida toifali yoshlarga uy-joy qurish uchun garovsiz kreditlar ajratiladi

“Temir daftar” va “Ayollar daftari” ga kirgan oilalar farzandlari hamda “Yoshlar daftari” dagi yoshlarga turmush qurayotganida o‘z xonadonidan qo‘shimcha uy-joy qurish uchun garovsiz 30 mln so‘mgacha kreditlar beriladi. Hukumat qarori bilan kredit ajratishning tartibi belgilab berildi.

“Migrantlar ham mamlakat taraqqiyoti uchun soliq to‘lasin” — Alisher Qodirov

“Milliy tiklanish” partiyasidan prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov saylovchilar bilan muloqotda migrantlardan ham soliq undirish taklifini bildirdi. “Kelinglar endi yana ham vatanparvarroq bo‘laylik, migrantlar ham o‘zining solig‘ini mamlakat taraqqiyoti uchun to‘lasin”, — dedi u.

O‘zbekistonda AQSh harbiy bazalarini joylashtirish muhokama qilinmayapti — Abdulaziz Kamilov

TIV rahbari Abdulaziz Kamilovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston hududida AQShning terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha qurolli kuchlarini joylashtirish imkoniyati muhokama qilinmayapti va bu masala kun tartibida ham turgani yo‘q.

Qizil kitobga kiritilgan 8 bosh lochinni sotishga uringan shaxs qo‘lga olindi

Qizil kitobga kiritilgan lochinlarni 280 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan shaxs va xaridor qo‘lga tushdi. Davlat bojxona qo‘mitasining ma’lum qilishicha, “qushlarning 6 nafari Qizil kitobga Itolg‘i nomi bilan kiritilgan bo‘lib, ular tobora yo‘qolib borayotgan tur hisobanadi”. Lochinlar vaqtincha Toshkent hayvonot bog‘iga topshirildi.

Farg‘onada er-xotin qarzdorlikni undirishga kelgan MIB xodimiga chaqalog‘ini yoqib yuborish bilan tahdid qildi

Quvasoy shahrida er-xotin 32,5 mln so‘m qarzdorlikni undirishga kelgan MIB xodimlariga qarshilik ko‘rsatib, chaqalog‘ining ustiga benzin sepib, yoqib yuborish bilan qo‘rqitdi. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish va haqorat qilish moddalari bilan ish ochildi.

Buxoroda bog‘cha mudirasi xodimni ishga saqlab qolish uchun 300 ming so‘m talab qildi

Buxoroda xodimni ishga saqlab qolish uchun 300 ming so‘m talab qilgan maktabgacha ta’lim tashkilotining mudirasi qo‘lga olindi.

Samarqand viloyatida kuydirgi tarqalgani haqidagi ma’lumot tasdiqlanmadi — Veterinariya qo‘mitasi

Samarqand viloyatidagi qishloqlardan birida hayvonlar orasida Sibir yarasi (kuydirgi) kasalligi tarqalgani haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanmadi. Davlat veterinariya qo‘mitasi laboratoriya tekshiruvlari natijalariga tayanib bu haqda ma’lum qildi.

UzAuto Motors mikrochiplar yetishmasligi sabab avtomobillarni un omborida saqlashga majbur

UzAuto Motors zavodida mikrochiplar yetishmovchiligi tufayli deyarli tayyor Lacetti avtomobillarini qo‘yish uchun joy tugadi. Avtomobil ishlab chiqaruvchi chiplar yetkazib berilguniga qadar mashinalarni un omborida saqlab turishga majbur bo‘lmoqda.

Rossiyadan fuqarolarni olib kelish uchun 4 ta maxsus yo‘lovchi poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Rossiyada qolib ketgan fuqarolarni qaytarish maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan “Voljskiy-Toshkent” yo‘nalishida 4 ta maxsus reys yo‘lga qo‘yiladi. Poyezdlar 22, 25, 29 oktabr hamda 1 noyabr kunlari “Voljskiy-Toshkent” yo‘nalishida harakatini amalga oshiradi.

2800 dan ortiq o‘quvchi sababsiz dars qoldirgani aniqlandi — XTV

O‘zbekistonning 10 minga yaqin maktablarida o‘tkazilgan ikki kunlik reydlarda 2832 nafar o‘quvchi darslarni sababsiz qoldirgani ma’lum bo‘ldi. XTV xabariga ko‘ra, ularning 507 nafari internet klublarda vaqt o‘tkazayotgani, 338 nafari esa bozorda savdo-sotiq, aravakashlik bilan shug‘ullanayotgani aniqlangan.

Shavkat Mirziyoyev Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi

O‘zbekiston yetakchisi Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining videoanjuman shaklidagi navbatdan tashqari yig‘ilishida ishtirok etdi. Shavkat Mirziyoyev o‘zaro savdoda mavjud to‘siqlarni bartaraf etish, texnik reglament va standartlarni uyg‘unlashtirish, bojxona tartibotlarni raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xarita” sini ishlab chiqish taklifini ilgari surdi. Shuningdek, u davlatlar rahbarlarini 2022 yil sentabrda Nukusda o‘tkaziladigan “Yashil” energetika bo‘yicha xalqaro forumga taklif qildi.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

Strit-art — san’atmi yoki vandalizm?

Graffiti, posterlar, murallar, teglar, asfaltdagi rasmlar — bularning barchasi strit-art, shahar ko‘chalaridagi san’at hisoblanadi. Ba’zilar uchun esa jamoat joylari, metro va yer osti yo‘llaridagi grafittilar vahshiylik va bezorilikka o‘xshaydi. Tasvirlar asosan biror muammoli mavzuni keng omma oldida targ‘ib qilish uchun yashirin tarzda chiziladi. Strit-art qanday kelib chiqqan, uning yo‘nalishlari, mashhur “ko‘cha rassomlari” haqida “Gazeta.uz” so‘z yuritadi.

“Qodirov ochko yo‘qotish uchun atay shunaqa gapirtirilganmi?” Twitter va Telegram foydalanuvchilari migrantlardan ham soliq undirish taklifi haqida

“Milliy tiklanish” partiyasidan prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov saylovchilar bilan muloqotda migrantlardan ham soliq undirish taklifini bildirdi. “Gazeta.uz” Twitter va Telegram foydalanuvchilarining hamda migrantlarning ushbu holat yuzasidan bildirgan ayrim fikr-mulohazalarini taqdim etadi.