14 oktabrdan Tashkent City bog‘i hududiga kirish bepul bo‘ldi. Bu haqda bog‘ ma’muriyati xabar berdi.

«Avtotransport vositalari kirishi bundan mustasno», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 17 dekabrdan Tashkent City bog‘iga bayram arafasi va yangi yil kunlarida kirish pulli etib belgilangan edi.

Ushbu holatga shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev shaxsiy munosabatini bildirgan. Uning fikricha soliq to‘lovchilar Tashkent City`ga kirganida pul to‘lasa adolatli bo‘ladi. Hokim, shuningdek, «Bir oyda saqlab turishga 900 mln so‘m, har bitta fontanning otilishiga bir kunda 1 mln so‘mdan ko‘p pul ketadi», — deya ma’lum qilgan edi.

Yanvar oyida 31 martgacha Tashkent City bog‘iga pullik kirish tartibi saqlanib qolishi ma’lum qilindi.

Iyun oyida Murod Nazarov Tashkent city ishbilarmonlik markazidagi qurilishlar tasdiqdan o‘tmagani, hattoki Hilton mehmonxonasi hujjatlari ham endi tayyorlanayotganini aytdi. Bunga Tashkent city direksiyasi munosabat bildirib, «Murod Nazarovning fikrlari xaqiqiy holatga to‘g‘ri kelmasligi va asossiz"ligini ma’lum qildi.

Avgust oyida XDP Tashkent City majmuasiga pul to‘lab kirish «Konstitutsiya tamoyillariga zid va jamiyatda tabaqalashuvga olib kelishi, bog‘ga kirish bepul bo‘lishi shartligi»ni ma’lum qildi.