«Bo‘sh devorlar — bu jinoyat», — degan edi mashhur ingliz strit-art rassomi Benksi.

Foto: artchive.ru

Strit-art (street art) ingliz tilidan tarjima qilinganda «ko‘cha san’ati» degan ma’noni anglatadi. San’atning ushbu yo‘nalishi quyidagilarni o‘z ichiga olgan:

  • devoriy rasmlar;
  • jamoat joylari va boshqa turli xil obyektlardagi tasvirlar;
  • ko‘cha installyatsiyalari;
  • stikerlar;
  • posterlar va hokazo.

Qisqacha qilib aytganda, strit-art tasviriy san’atning urbanistik uslubi hisoblanadi.

Ko‘pchilik uchun jamoat joylari, ko‘chalar, xiyobonlar, metro, yer osti yo‘llari va temir yo‘l o‘tkazgichlaridagi grafittilar vahshiylik va bezorilikka o‘xshaydi. Lekin aslida ham shundaymi?

Strit-art tarafdorlarining fikricha, galereya, muzey va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanadigan san’at asarlarini hamma ham ko‘ra olmaydi. Aynan shuning uchun strit-art rassomlari san’atning demokratik tabiati, ya’ni barchaga ochiq bo‘lishi va har kim undan bahramand bo‘la olishi uchun kurashishadi.

Kiyev metrosi. Rassom: Okuda. Foto: acebook.com/artunitedus

Rim metrosidagi graffiti. Rassom: Seta Gloubpeintera. Foto: kulturologia.ru

Loyihalarning «o‘tkinchiligi» va uzoq saqlana olmasligi strit-artning asosiy g‘oyalaridan biridir. Har qanday vaqtda, o‘ziga xos «eksponat» izsiz yo‘q bo‘lib ketishi, rasmiylar ko‘rsatmasi bo‘yicha bo‘yab tashlanishi mumkin.

Rassomga asosiysi ikkita narsa kerak: purkagich bo‘yoq va nima chizmoqchi bo‘lgani haqidagi aniq tasavvur. Chunki tasvirlar asosan juda tez va hech kim to‘sqinlik qilmaydigan paytda yaratilishi kerak.

Strit-artning kelib chiqishi

Ta’kidlash joiz, strit-art inson ongli mavjudot sifatida paydo bo‘lgandan beri mavjud. Mazkur san’at avval qoyaga o‘yilgan tasvirlar orqali namoyon bo‘lgan. So‘ng, sivilizatsion jamiyatda (Qadimgi Rim, Gretsiya, Misr va boshqalarda) odamlar devorlarga yozuvlarni tushirib o‘z fikrlarini bildira boshlaganlar.

Miloddan avvalgi 13−9 mingyillikka oid tosh rasmlar. Kueva-de-las-Manos g‘ori, Argentina. Foto: sergeyurich.livejournal.com

Miloddan avvalgi 3 mingyilik tosh rasmlari, Laas-Gaal g‘orlari, Somalilend. Foto: sergeyurich.livejournal.com

Strit-art harakati 1970-yillarning boshlarida AQShda paydo bo‘lgan deyiladi. Biroq, bundan bir necha o‘n yillar oldin, Ikkinchi Jahon urushi paytida, AQShning Detroyt shahrida Kilroy (Kilroy) ismli odam yashagan. U qurol ishlab chiqarish zavodida ishlagan va bombalar bo‘lgan qutiga «Kilroy was here» («Kilroy shu yerda bo‘lgan») yozuvini qoldirishni juda yaxshi ko‘rgan. Bu yozuv askarlar orasida mashhur bo‘lib ketgan, u oddiy rasm bilan to‘ldirilgan va o‘shandan beri «Kilroy» amerikalik askarlar bilan sayohat qila boshlan.

Vashingtondagi Ikkinchi jahon urushi memoriali.Foto: wikipedia.org

Strit-artning zamonaviy ko‘rinishi 1960-yillarda Filadelfiya (AQSh)da rivojlangan. Ushbu joy haligacha graffiti madaniyatining tarixiy markazi deb hisoblanadi.

1970-yillarda esa mazkur harakat Nyu-Yorkda tarqala boshlagan. Manxettenning Washington Heights nomli kvartalida ushbu san’at turiga oid yozuvlar paydo bo‘lgan.

Nyu-York. Foto: americanart.si.edu

Aynan shu paytda «tegging» — muallifning ismi yoki taxallusini o‘z ichiga olgan belgilar o‘ylab topilgan. Shu bilan birga, taxallus oldiga ko‘chaning raqamlarini yozib qo‘yish odati ham urf bo‘lgan.

Shu tariqa, dunyoning turli chekkalarida shaharsozlik rivojlangani sari strit-art ham taraqqiy etib, zamonaviy urbanistik hayotning ajralmas qismiga aylangan.

2012 yilda birinchi marta Sankt-Peterburgda Strit-art muzeyi ochilgan. Bu muzeyning asosiy maqsadi — strit-art va graffiti haqida ma’lumot berish hisoblanadi. Muzey, shuningdek, zamonaviy loyihalarni tashkil etishda yordam beradi, yosh rassomlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Muzey vakillari shahar markazidan uzoqda joylashgan sanoat obyektlaridan foydalanib, ijodkorlikni rivojlantirishga yangicha yondashuvni joriy etishga urinib kelishmoqda.

Sankt-Peterburg. Foto: visit-petersburg.ru

Strit-art texnikalari va uslublari

Strit-art quyidagi texnikalar orqali ajratiladi:

  • Writing — biror uslubga bog‘lanmagan holda graffitini yaratish, u o‘z ichiga strit-artning barcha ko‘rinishdagi asarlarini oladi;
  • Bombing — estremal sharoitlarda yuqori tezlikda tasvirlarni tushirish;
  • Tagging — rassomning dastxati, nikneymi (taxallusi).

Uslublari:

  • Bubble-letter — pufaklarga o‘xshash katta harflar va yirik obyektlar bilan chiziladigan grafika;
  • Throw-up — ikki xil rang va oddiy shakllarni ishlatgan holda yaratiladigan rasmlar, asosan Nyu-Yorkda qo‘llaniladi;
  • Character — graffitist-muallif uslubidagi personajlar rasmi;
  • Wild style — eng keng tarqalgan uslublardan biri bo‘lib, murakkab rasmlarni o‘z ichiga oladi va yuqori darajali mahoratni talab etadi;
  • 3D-style — 3D uslubidagi rasmlar va optik illyuziyalar.

3D uslubidagi graffiti. Rassom: Serxio Odeyt. Foto: 3dig.ru

Rasmlar va installyatsiyalarni tushirish bo‘yicha bir qator texnikalar mavjud. Rassomlar o‘zlarining shaxsiy uslublarini topib, boshqalardan ajralib turish uchun muntazam ravishda turli xil yangi yo‘nalishlarni o‘ylab topadilar.

Mashhur strit-art rassomlari

Banksy — ushbu rassomni zamonaviy san’atning «oltin standarti» deb atashadi. Uning shaxsi haligacha to‘liq ochilmagan. Rassomning ko‘pgina ishlari qo‘riqlanadigan obyektlar reyestriga kiritilgan. Bristol shahridan bo‘lgan Benksi butun dunyo bo‘ylab ijod qiladi.




Foto: banksy.co.uk

Vhils— Alekandr Fartu portugaliyalik rassom. Tasvirlarini elektron drel orqali yaratadi.

.



Foto: centerofportugal.com

Above (Tavar Zawacki) — faoliyatini AQShda boshlab, keyinchalik Berlinga (Germaniya) ko‘chib o‘tgan. Uning asarlarida zamonaviy tizimdagi adolatsizlik hamda aholining ayrim qatlamlari qashshoq yashashi mavzusi ko‘tariladi.


Foto: urban-nation.com

Roa— belgiyalik ijodkor o‘z asarlarida asosan madori qolmagan, ichki organlari ko‘rinib turgan tarzdagi hayvonlarni aks ettiradi. Rassom o‘z ishlarida rentgen effektiga taqlid qilishga intiladi.

Foto: kuriositas.com

C215 — ko‘pchilik tomonidan «Benksiga fransuzcha javob» deb e’tirof etilgan rassom Kristian Gemi ingliz ijodkori singari trafaretlardan foydalanadi. Uning ishlari esa nafaqat yuqori sifati, balki aktual bo‘lgan ijtimoiy masalalarni targ‘ib qilishi bilan ajralib turadi.

Foto:i supportstreetart.com

Strit-art O‘zbekistonda

2016 yilda Toshkent shahrida «Hayot, bu — san’at!» shiori ostida birinchi Street Art Battle festivali bo‘lib o‘tgan. Festivaldan ko‘zlangan maqsad strit-art imkoniyatini namoyish etish va yoshlar ijodiy salohiyatini rag‘batlantirishdan iborat edi.


2020 yilda O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mamlakatda sayyohlar oqimini rag‘batlantirish uchun graffitiga rasman ruxsat berishni taklif qilgan. Shu bilan birga, graffitiga faqat maxsus ajratilgan sayyohlik joylarida ruxsat berish g‘oyasi ilgari surilgan. Turistik joylarga olib boradigan ko‘chalar milliy madaniyat ruhi asosida graffiti bilan bo‘yalgan bo‘lishi kerakligi aytilgan.

O‘zbekistonda mahalliy Benksi nomini olgan graffitichi Inkuzart ham faoliyat olib boradi. «Gazeta.uz» avvalroq u bilan intervyuni e’lon qilgan edi. Ijodkor Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon va Abrurauf Fitrat portretlari aks etgan graffitilarni chizgan edi.

Foto: Afisha.uz

Foto: inkuzart

Iyun oyi oxirlarida u chizgan graffiti — tibbiy niqobdagi Mona Liza tasviri bo‘yab tashlangan edi.

sentabr oyining boshida Inkuzart O‘zbekiston avtomobil bozoridagi monopoliya hamda mashina olish uchun uzun navbatlarni aks ettirgan yangi graffiti chizgan. Ushbu surat ham to‘liqligicha bo‘yab tashlangan.

Foto: inkuzart

Foto: Tentakminds / Telegram

Avvalroq esa Inkuzart tomonidan sport gimnastikachisi Oksana Chusovitinaga bag‘ishlangan graffiti yaratilgan. Unga sportchining o‘zi ham baho bergan.

Foto: inkuzart

O‘tgan yilning oktabr oyida Toshkent shahrining Sergeli tumanida shifokor va qo‘lidagi do‘ppining ichida chaqaloq aks etgan mural paydo bo‘lgan.

Foto: Arsen Fazildzyanov

Avgust oyida Novda Group kompaniyasi illyustratorlari Tokio-2020 olimpiadasi sovrindorlariga bag‘ishlangan suratlarni taqdim etgan. Mazkur illyustratsiyalarni ko‘p qavatli uylarning devorlariga tushirish taklif etilgan edi.

Foto: Novda Group

Oliy Majlis senati raisi Tanzila Narbayeva sportchilarga bag‘ishlangan murallarni qo‘llab quvvatlagan. «San’atni qo‘llab-quvvatlash zarur. Strit-art va pablik-art kabi zamonaviy yo‘nalishlari ijodkor yoshlarimiz qo‘lida shahar muhitiga o‘zgacha tarovat beruvchi vositaga aylanib bormoqda», — degan edi u.