Qashqadaryo viloyatida o‘tgan 9 oyda sodir bo‘lgan 369 ta yo‘l-transport hodisasi oqibatida 181 kishi vafot etgan, ulardan 31 nafari voyaga yetmagan bolalar. Bu haqda Qarshi shahar YHXB axborot xizmati inspektori Ahror Usmonovga tayanib Daryo xabar berdi.

«Mazkur yo‘l-transport voqealari sabab vafot etgan 181 kishining 31 nafari yosh bola bo‘lgan. Shuningdek, YTHlarda 45 bola tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan», — deydi Daryo muxbiri bilan suhbatlashgan mas’ullar.

Qayd etilishicha, viloyat hududida sodir bo‘lgan YTHlarning 145 tasi piyodani urib yuborish, 114 tasi mashinalar to‘qnashuvi, 31 tasi velosiped haydovchisini urib yuborish, 26 tasi to‘siqqa urilish, 44 tasi ag‘darilish, 5 tasi to‘xtab turgan transport vositasiga urilish, 1 tasi hayvonni, 2 tasida ot aravani urib yuborish bilan bog‘liq bo‘lgan.

«Viloyat hududida sodir bo‘lgan YTHlarning 37 tasi piyodalarning aybi bilan, ya’ni piyoda yo‘lning belgilanmagan qismida kesib o‘tayotgan paytda sodir bo‘lgan», — deya ma’lum qildi Ahror Usmonov.

Uning ma’lum qilishicha, YTHlarning 47 tasi Qarshi shahrida sodir bo‘lgan. Ularning 6 tasi bolalar bilan bog‘liq bo‘lib, 1 nafar yosh bola, hali bir yoshga ham yetmagan chaqaloq vafot etgan.

«Qarshi shahrida 2020 yilning o‘tgan to‘qqiz oyi mobaynida 43 ta YTH sodir etilib, vafot etganlar 8 kishini tashkil qilgan bo‘lsa, jarohatlanganlar 35 kishi edi», — deydi inspektor.

Xabarda qayd etilishicha, 2021 yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatda eng ko‘p YTHlar Chiroqchi tumanida sodir bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich tumanda 71 tani tashkil qilgan. Shuningdek, G‘uzorda 33 ta, Dehqonobodda 16 ta, Shahrisabz va Kitob tumanlarida 13 tadan, Shahrisabz shahrida 23 ta, Yakkabog‘da 25 ta, Qamashida 31 ta, Kasbida 9 ta, Mirishkorda 4 ta, Muborak va Nishon tumanlarida 11 tadan, Koson tumanida 20 ta, Qarshi tumanida esa 42 ta YTH sodir bo‘lgan.