Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasining tezkor tuzilmalari tomonidan DXX bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan lochinlarni pullashga uringan shaxslar to‘xtatib qolindi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati xabar berdi.

Tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi «Kamaz» yuk mashinasi «Sirdaryo» chegara bojxona postida to‘xtatilgan. U belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, salondagi sport sumkasiga 8 bosh lochinlar yashirilganligi aniqlangan.

«Boz ustiga qushlarga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lingan, jonzotlar sumkaga ularning hayoti uchun xavfli tarzda zichlab joylashtirilgan», — deyiladi xabarda.

Tezkor tadbir Sirdaryo tumanida davom ettirilib, ushbu qushlarni sotib olayotgan shaxs ham qo‘lga olingan.

«Mazkur holatda ushlab qolingan 8 bosh lochinlar O‘zbekistonning 2019 yilda chop etilgan Qizil kitobiga kiritilgan va tabiatan kamyob hisoblanadi hamda ularni ovlash taqiqlangan. Lochinlarning 6 tasi Qizil kitobga Itolg‘i nomi bilan kiritilgan bo‘lib, ular tobora yo‘qolib borayotgan tur hisobanadi», — deyiladi qo‘mita ma’lumotida.

Surishtiruvlar davomida ma’lum bo‘lishicha, qonunbuzarlar ushbu qushlarni 280 mln so‘mga sotishni ko‘zlagan.

Davlat bojxona qo‘mitasi hozirda lochinlar Toshkent hayvonot bog‘iga vaqtincha saqlovga topshirilgani va mutaxassislarning doimiy nazorati ostida parvarishlanayotganini qo‘shimcha qildi.

Holat yuzasidan esa bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, amaldagi tartiblarga ko‘ra, hayvonot dunyosi obyektlarini respublika hududiga olib kirish yoki olib chiqish Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi.