O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 oktabr kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining videoanjuman shaklidagi navbatdan tashqari yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tgan sammitda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov, YeOII huzuridagi kuzatuvchi mamlakat — Kuba prezidenti Migel Bermudes va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati raisi Mixail Myasnikovich qatnashgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida O‘zbekistonning tabiiy savdo va iqtisodiy hamkorlari — YeOII mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergan.

Pandemiya sharoitlarida mamlakatning tashkilotga a’zo davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi barqaror ortib borayotgani ta’kidlangan.

«Savdo-iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasidagi sa’y-harakatlarni faollashtirish muhim ekanini alohida qayd etib, O‘zbekiston yetakchisi o‘zaro savdoda mavjud to‘siqlarni bartaraf etish, texnik reglament va standartlarni uyg‘unlashtirish, bojxona tartibotlarni raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xarita"sini ishlab chiqish taklifini ilgari surdi», — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish orqali mintaqalararo qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratishda hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekani qayd etilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident milliy iqtisodiyotlarning barqaror rivojlanishida muhim omil sifatida transport yo‘laklari tarmog‘i va logistika infratuzilmasini takomillashtirish muhim ekaniga e’tibor qaratgan.

Davlat rahbari O‘zbekiston tomonidan Rossiya va Qozog‘iston bilan birgalikda yo‘lga qo‘yilayotgan zarur tovarlarni tez fursatda o‘zaro yetkazib berish bo‘yicha «Agroekspress» loyihasiga qo‘shilishga taklif qildi.

«Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalarining alohida dolzarb ahamiyatini hisob olib, O‘zbekiston Prezidenti bu boradagi sa’y-harakatlarni birlashtirish va qo‘shma hamkorlik dasturini ishlab chiqish orqali sohadagi hamkorlikning yangi nuqtalarini izlash muhim ekanini ta’kidladi», — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston YeOII doirasidagi raqamli transformatsiya jarayonlarida ishtirok etish, amaliy tajriba almashish va ilg‘or texnologiyalarning o‘zaro transferidan manfaatdor ekani qayd etildi.

O‘zbekiston yetakchisi ekologiya masalalariga alohida e’tibor qaratib, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan choralarni ko‘rish zarur ekanini ta’kidladi.

Prezident hamkor mamlakatlarni Orolbo‘yida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududini yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirgan hamda kelgusi yil sentabr oyida Nukus shahrida o‘tkaziladigan «Yashil» energetika bo‘yicha xalqaro forumga taklif etdi.

Bundan tashqari, birlashma doirasida yaratilgan Iqlim masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi ishchi guruh bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tashabbusi ilgari surildi.

Xabarda aytilishicha, Shavkat Mirziyoyev sammit yakunlari YeOII mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik va yaqin sheriklikni ilgari surishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.