Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida MIB xodimlarini haqorat qilib, chaqalog‘ining ustiga benzin sepib, yoqib yuborish bilan tahdid qilgan er-xotinga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov xabar berdi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining 8 yanvardagi qaroriga asosan «Hamkorbank» Quvasoy filiali foydasiga 32 mln 509 ming 247 so‘m qarzdorlikni undirish lozim bo‘lgan.

9 sentabr kuni MIB Quvasoy shahar bo‘limi davlat ijrochisi A.Qo‘ldashev, I.Yunusov, A.Alimov, shahar FVB yong‘in qutqaruv qismi xodimlari, tez yordam shifokorlari, shahar IIB xodimlari hamda «Polmon» MFY raisi ishtirokida Z.Babayevaning yashash xonadoniga ijro harakatlarini amalga oshirish uchun borgan.

Fuqarolar Z.Babayeva (1993 y.t., sudlanmagan, ishsiz) va uning turmush o‘rtog‘i A.Babayevlar (1987 y.t., sudlanmagan, MCHJ rahbari) majburiy ijro harakatlari amalga oshirilishiga faol qarshilik ko‘rsatgani aytilmoqda.

«MIB xodimlarini turli so‘zlar bilan haqorat qilishib, ularga hamda qo‘lidagi chaqalog‘i ustiga benzin yoqilg‘isini sepib, yoqib yuborishini aytib, MIB xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarishni to‘xtatishiga erishgan», — deyiladi xabarda.

12 oktabr kuni Quvasoy shahar prokuraturasi tomonidan Z.Babayeva va A.Babayevga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 140-moddasi 3-qismi «a» bandi (Haqorat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.