O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari mavjud bo‘lgan 37 ta davlatda 54 ta statsionar saylov uchastkalari tashkil etildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

MSK shuningdek, aynan qaysi xorijiy mamlakatlarda o‘zbekistonliklar ovoz berishi mumkinligi to‘g‘risida ma’lumot berdi.

«Mazkur uchastkalar Avstriya, Afg‘oniston, AQSh, BAA, Belarus, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Indoneziya, Isroil, Ispaniya, Italiya, Janubiy Koreya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Quvayt, Latviya, Malayziya, Misr, Ozarbayjon, Pokiston, Polsha, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Singapur, Tailand, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya, Ukraina, Ummon, Fransiya, XXR, Hindiston, Shveysariya, Eron va Yaponiyada joylashgan», — deyiladi xabarda.

O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalari 14-Toshkent shahar saylov okrugiga biriktirilgan.

MSKning qo‘shimcha qilishicha, saylovchilarning ro‘yxatlari O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari rahbarlari ma’lumotlari asosida tuziladi. Uchastka saylov komissiyalari esa chet davlatlardagi fuqarolarni saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish usuli, joyi va vaqti to‘g‘risida xabardor qiladi.

Saylov kuni xorijda bo‘ladigan fuqarolar o‘sha mamlakatdagi O‘zbekistonning vakolatxonasiga ariza bilan murojaat qilishi lozim. Shu orqali ular xorijdagi saylov uchastkasidagi (diplomatik yoki boshqa vakolatxonadagi) saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.

25 avgust kuni tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev O‘zbekiston o‘zining Afg‘onistondagi diplomatik vakolatxonalarida prezident saylovi davrida saylov uchastkalarini ochishni rejalashtirayotgani haqida ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, muddatidan oldin ovoz berish 14 oktabrdan boshlandi va 20 oktabrga qadar davom etadi.