Cobalt va Nexia avtomobillari Qozog‘istonda eng ko‘p sotilgan avtomobil bo‘lib qolmoqda, deya xabar bermoqda UzAuto Motors Qozog‘iston avtomobil biznesi assotsiatsiyasi ma’lumotlariga (AKAB) tayanib.

2021 yilning yanvar-sentabr oylarida mamlakatda sotilgan 79 444 avtomobildan 22 383 donasi yoki 28,17% ushbu ikkita model hisobiga to‘g‘ri keladi.

Ushbu davr mobaynida qozog‘istonliklar 10 769 ta Cobalt va 9 112 ta Nexia avtomobillarini xarid qilishgan. Uchinchi o‘rinda 7 502 ta sotilgan Hyundai Accent mashinalari.

O‘tgan yilga nisbatan UzAuto Motors kompaniyasining Qozog‘iston bozoridagi avtomobillar sotuvi 5 barobarga oshgan. Kompaniyaning ta’kidlashicha, qo‘shni mamlakatda ushbu modellar O‘zbekiston bozridagi narxlardan ko‘ra 1000 dollar qimmatroq.

UzAuto Motors yanvar-may oylarida Qozog‘istonda 11,7 ming dona avtomobil sotib, savdo hajmi bo‘yicha Lada`ni ortda qoldirgan holda birinchi o‘ringa ko‘tarilgan edi. Cobalt mart oyidan boshlab Qozog‘iston eng ko‘p sotilgan avtomobil maqomini ushlab turibdi.

2021 yilning birinchi yarim yilligida UzAuto Motors kompaniyasi eksportining 94% Qozog‘istonga to‘g‘ri kelgan edi.

Spot nashrining yozishicha, O‘zbekistonda yangi avtomobil uchun navbat bir necha barovarga oshgan. Nashrning Uzautosanoat botiga tayanib ma’lum qilishicha, sentabr oyi boshida Cobalt xaridi uchun navbat 11,6 mingdan ortiq bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 9 311 tani tashkil qiladi.

Oldinroq nashr yetkazib berishdagi cho‘zilishlar va talabning kuchayganligi sababli Qozog‘istonda yangi avtomobillar uchun navbat paydo bo‘lganligi haqida yozgan edi.