O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 oktabr kuni «Zakovat» intellektual o‘yini faol ishtirokchilaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Hujjat Buxoro viloyatida cho‘ldagi sayyohlik klasterida final o‘tkazilgan joyning o‘zida imzolandi. Davlat rahbari tadbirga viloyatga saylovoldi safari doirasida tashrif buyurdi. Milliy axborot agentligi (O‘zA) bosh direktori o‘rinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyevning ma’lum qilishicha, prezident birinchi marta farmonni jamoatchilik huzurida imzoladi.

Foto: t.me/xushnudbek.

Farmon bilan Navoiy viloyati jamoasi ustidan g‘alabani qo‘lga kiritgan Xorazm viloyati jamoasining olti a’zosi mukofotlandi. Gurlan tumanidagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabining tarix fani o‘qituvchisi Jumanov Behzod Tursunbayevich, Urganch shahridagi yakka tartibdagi tadbirkor Xodjayev Navruz Azamatovich, «Ishonch» do‘konlar tarmog‘ining Xiva filiali boshqaruvchisi Xodjayev Feruzbek Kaxramon o‘g‘li «Kelajak bunyodkori» medali, Xiva shahridagi Prezident maktabining informatika fani o‘qituvchisi Matkarimov Azamat Xurmatovich, Xiva shahridagi yakka tartibdagi tadbirkor Tajiyev Jamoladdin Nurlayevich hamda Xorazm Ma’mun akademiyasi raisining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Hasanov Shodlik Bekpo‘latovich «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, «Zakovat» intellektual klubi nodavlat notijorat tashkiloti direktori Abdullayev Abdurasul Muminovich «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni bilan mukofotlandi.

Ular o‘zining yuqori intellektual salohiyati, iqtidor va izlanuvchanligi, tashabbuskorligi va yetakchiligi bilan yoshlarni chuqur bilim olishga, ilm-fan sirlarini egallashga undab kelayotgani, ular o‘rtasida sog‘lom ilmiy-ma’rifiy raqobat muhitini shakllantirish, kitobxonlikni targ‘ib qilish va rivojlantirish, buyuk ajdodlarga munosib bo‘lgan barkamol avlodni voyaga yetkazishda farzandlarga alohida o‘rnak va namuna bo‘layotgani, «Zakovat» intellektual klubining qizg‘in va murosasiz bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgani hamda professional bilimdonlar safini kengaytirishga katta hissa qo‘shayotgani uchun mukofotlandilar.

Shavkat Mirziyoyev o‘yin g‘oliblari va klub rahbarini sahnaning o‘zida mukofotladi.

«Zakovat» final o‘yinlari va grand finali 9−12 oktabr kunlari bo‘lib o‘tdi. Unda deyarli 300 kishi qatnashdi: 11 ta viloyatdan 44 ta jamoa va Toshkent va Toshkent viloyati hamda Samarqanddan 2 ta g‘olib jamoa.

«Zakovat» o‘yini (mashhur «Nima? Qayerda? Qachon?» dasturining muqobili) o‘tkazilayotganiga 20 yildan oshdi. U dastlab «Yoshlar» telekanalida, so‘ngra «O‘zbekiston», keyin «Milliy» kanalida efirga uzatilgan.

Yanvar oyida dastur yopilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgach, Milliy mass-mediani qo‘llab -quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi vasiylik kengashi rahbari Komil Allamjonov o‘yinni o‘z otalig‘iga olganini ma’lum qildi. Fevral oyida Adliya vazirligi «Zakovat» intellektual klubini nodavlat notijorat tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tkazdi. Yangi formatdagi birinchi «Zakovat» turniri mart oyida bo‘lib o‘tdi.