O‘zbekistonning Misrdagi elchisi tayinlandi

TIV Konsullik-huquqiy departamenti direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Mansurbek Qilichev O‘zbekistonning Misrdagi elchisi lavozimiga tayinlandi.

O‘zbekistonga Sinovac vaksinasi olib kelindi

13 oktabr kuni O‘zbekistonga 200 ming doza Sinovac vaksinasi, shuningdek, 20 ming quti “Favipiravir” dori preparati olib kelindi. Shunday qilib, O‘zbekistonga emlash jarayonlarida foydalanilayotgan jami vaksina 28 mln 673 ming 528 dozani tashkil qilmoqda.

Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi $161,8 mlngacha qimmatlashdi

Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi 2017 yil dekabrda tahminan 413,5 mlrd so‘mga baholangan edi. Bugungi kunga kelib qurilish ishlari bahosi 4 baravar — 1,7 trln so‘mgacha ($161,8 mln) oshib ketdi. Loyiha “Trest-12” tomonidan amalga oshirilmoqda.

Andijon tibbiyot institutida shanbalik uchun xodimlardan ushlab qolingan 150 mln so‘m qaytarildi

Andijon tibbiyot instituti xodimlari shanbalik uchun maoshidan pul ushlab qolinishiga o‘z ixtiyori bilan rozi bo‘lgani haqidagi xabarlar institut tomonidan “feyk xabar” deya aytilgan edi. Viloyat adliya boshqarmasi tomonidan holat o‘rganish natijasida 150 mln so‘m pul mablag‘lari institut xodimlariga to‘liq qaytarildi.

Janubiy Koreya O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurash uchun $5 mln ajratdi

Koreya Respublikasi hukumati 2021 yilda O‘zbekistonda COVID-19 bilan kurashish bo‘yicha kompleks dasturni amalga oshirish uchun 5 mln dollar ajratdi. Dastur KOICA agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

Toshkentdan “Tashmore"gacha BRT yo‘lga qo‘yiladi

Toshkent viloyati hokimligi Architects Engineers Planners Advisors kompaniyasi bilan poytaxt va Toshkent dengizi o‘rtasida 6,9 mlrd so‘mlik tezyurar avtobus tranziti qurilishining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish to‘g‘risida shartnoma imzoladi.

Jurabek Laboratories ishlab chiqargan 1,2 mln doza xitoy-o‘zbek vaksinasi SESga topshirildi

Jurabek Laboratories tomonidan ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining ikkinchi partiyasi 1 mln 219 ming 510 dozada SES xizmati vakillariga topshirildi.

BMT O‘zbekiston orqali afg‘on xalqiga gumanitar yordam yuboradi

BMTning Qochqinlar masalalari bo‘yicha boshqarmasi O‘zbekistonga afg‘on xalqi uchun gumanitar yordam ortilgan uchta samolyot yuborishni rejalashtirmoqda. Gumanitar yuk Termizdan Hayraton chegara punkti orqali Mozori-Sharifga yetkaziladi. Bunday samolyotlarning birinchisi oktabr o‘rtasida O‘zbekistonga yetib keladi. Shuningdek, agentlik Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlarda logistik markazlarni tashkil etishni ko‘zlagan.

Andijonda yog‘ochdan ko‘prik yasab, odamlarni pul evaziga o‘tkazgan shaxs 7 sutkaga qamaldi

Andijon viloyati Buloqboshi tumanida yog‘ochdan ko‘prik yasab, odamlarni soydan pul evaziga o‘tkazgan shaxs 7 sutkaga qamaldi. Ko‘prik iyul oyida tabiiy ofat sabab avariya holatiga kelgan. Hozirda qurilish va ta’mirlash ishlari boshlangan.

207 ta saylov uchastkalarida videokuzatuv olib boriladi

Prezident saylovini onlayn kuzatish maqsadida 207 ta tuman va shaharlardagi saylov uchastkalarida jami 414 ta kuzatuv kameralari o‘rnatiladi. Ushbu uchastkalardagi ovoz berish jarayoni saylov21.uz portali, MSK binosi va matbuot markazida, shuningdek “O‘zbekiston24” telekanalida onlayn translyatsiya qilinadi.

“Qonun buzilishi kuzatilmayapti”. MSK — nomzodlarning saylovoldi targ‘iboti va amaldagi vazifasi aralashib ketishi haqida

MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov nomzodlarning saylovoldi tashviqoti va amaldagi vazifasi bo‘yicha faoliyati aralashib ketmayotganligi haqida fikr bildirar ekan: “Qonun buzilishi kuzatilmayapti”, — deya ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, MSK zarur holatda o‘zining fikrlarini bildirayapti va nomzodlarning shtablari bilan ish olib bormoqda.

XVJ O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishi bo‘yicha prognozlarini yaxshiladi

Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2021 yilda O‘zbekiston YAIMining o‘sish suratlari bo‘yicha prognozini yaxshilab, ushbu ko‘rsatkich joriy yilda 6,1%ni tashkil etishini ta’kidladi. Jamg‘arma mutaxassislari 2022 yilda mamlakat YAIM 5,4%ga o‘sishini kutishmoqda.

Jinoiy javobgarlikka tortish yoshi 13 yoshdan 14 yoshga oshirilmoqda

Jinoiy javobgarlikka tortish yoshi 13 yoshdan 14 yoshga oshirilishga doir qonun loyihasi qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilmoqda.

Google va Microsoft Store operatori O‘zbekistonda soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi

Google LLC va Microsoft Ireland Operations Limited kompaniyalari O‘zbekistonda soliq to‘lovchilar sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Endi xizmatlar uchun to‘lovni amalga oshirishda 15 foiz QQSni hisobga olish talab etiladi.

Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi binosi 35,4 mlrd so‘mga rekonstruksiya qilinadi

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi binosi rekonstruksiyasi tenderida Discover Invest kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. Loyiha qiymati 35,4 mlrd so‘mga baholanmoqda.

Shavkat Mirziyoyev YeOII va MDH sammitlarida nutq so‘zlaydi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14−15 oktabr kunlari YeOII va MDHning videoaloqa shaklidagi sammitlarida nutq so‘zlaydi.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

Strategiyalar, strategiyalar…

O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari akademik erkinlikka erishdimi, ular xalqaro agentliklarning reytingiga kira oldimi, O‘zbekistonning Bolonya jarayoniga qo‘shilish rejalari haqida nimalar ma’lum? Kolumnistimiz Komil Jalilov oliy ta’lim boshqaruvi sohasidagi islohotlarning ba’zi natijalarini tahlil qiladi.