Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) immun tizimi zaif bo‘lgan kishilarga koronavirusga qarshi vaksinaning qo‘shimcha dozasini yuborishni tavsiya qildi. Bu haqda BMT yangiliklar xizmati xabar bermoqda.

JSSTning emlash bo‘yicha Strategik maslahat guruhi ekspertlari JSST tomonidan tasdiqlangan har qanday vaksinalarning qo‘shimcha dozasini immuniteti mo‘tadil yoki kuchli zaiflashgan shaxslarga taklif qilish mumkinligini ta’kidlashdi. Chunki ular uchun standart birlamchi emlash yetarli bo‘lmasligi mumkin va ularda COVID-19`ning og‘ir shakli bilan kasallanish xavfi yuqori.

Bundan tashqari, ekspertlar Xitoyning Sinovac va Sinopharm vaksinalari bilan emlangan 60 va undan katta yoshdagilarga ham uchinchi dozani olishni tavsiya qilishdi. Ular boshqa tasdiqlangan preparatlar bilan uchinchi dozani qilish mumkinligini ham ta’kidlashdi.

Oldinroq JSST kambag‘al mamlakatlarda vaksinalar yetishmovchiligidan xavotirlanib boy mamlakatlarni koronavirusga qarshi qaytadan emlashga moratoriy joriy qilishga chaqirgan edi. sentabr oyining boshida JSST rahbari Tedros Gebreyesus dunyo bo‘ylab qilingan umumiy vaksinalarning 75% rivojlangan mamlakatlarda qilinganligini ta’kidlagan edi.