Bugun, 13 oktabr kuni Istanbul — Toshkent reysi bilan O‘zbekistonga 200 ming doza Sinovac vaksinasi, shuningdek, 20 ming quti “Favipiravir” dori preparati olib kelindi. Bu haqda SSV axborot xizmati xabar berdi.

“O‘zbekiston va Turkiya hukumatlari o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasida grant yordamiga oid imzolangan bitim asosida olib kelingan Sinovac vaksinasi mamlakatga keltirilgan oltinchi vaksinadir”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq, vaksinalar va dorilarning bu partiyasi do‘stlik va xayrixohlik belgisi sifatida Turkiya tomonidan O‘zbekistonga yuborilishi haqida xabar berilgan edi.

Shunday qilib, O‘zbekistonga emlash jarayonlarida foydalanilayotgan jami vaksina 28 mln 673 ming 528 dozani tashkil qilmoqda.

Ulardan 1 mln 594 ming 480 dozasi AstraZeneca, 21 mln 958 ming 488 dozasi ZF-UZ-VAC2001, 720 500 dozasi “Sputnik V”, 3 mln 060 dozasi Moderna, 1 mln 200 ming dozasi Pfizer/BioNTech, 200 ming dozasi Sinovac vaksinasidir.

Eslatib o‘tamiz, 1 noyabrga qadar aholining 70 foizini emlash rejalashtirilgan.