Toshkentning Olmazor tumanidagi Hazrati Imom majmuasiga tutash hududda joylashgan Islom sivilizatsiyasi markazini qurish loyihasi qiymati yana oshirildi. Bu davlat xaridlari portali ma’lumotlarida aks etgan. Bunga Davletovuz telegram kanali e’tibor qaratdi.

Markazni qurish Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 avgustdagi farmoyishida ko‘zda tutilgan edi. Hujjatga ko‘ra, Toshkent hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi loyiha buyurtmachisi, bosh loyihalashtirish tashkiloti — «O‘zog‘irsanoatloyiha», bosh pudratchi esa — Trest-12 etib belgilangan.

Istisno tariqasida. hukumat farmoyishi bilan quyidagilarga ruxsat berilgan:

  • 2018 yilning 1 mayigacha loyiha-smeta hujjatlarini bir vaqtning o‘zida ishlab chiqish bilan obyektni qurishga. Keyinroq ushbu muddat 2021 yil 31 dekabrgacha uzaytirilgan.
  • ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilarning eng yaxshi takliflarini tanlab olish asosida mahalliy, shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan qurilish materiallari, asbob-uskunadar, mebel, inventarlar, tender (tanlov) o‘tkazmasdan boshqa tovarlar va xizmatlarni xarid qilish, import qilinadigan tovarlarni yuklashdan oldin majburiy inspeksiya o‘tkazish;
  • obyekt qurilishi va jihozlanishi uchun olib kiliradigan tovarlarni bojxona rejimi (IM-74) ostida bosh pudratchi omborlariga joylashtirish.


Avvaliga moliyalashtirish manbalari etib homiylar mablag‘lari ko‘rsatilgan edi. Keyinroq, moliyalashtirish mexanizmi — investorning shaxsiy mablag‘lari — Toshkent hokimiyati etib o‘zgartirildi.

2017 yil 1 sentabr kuni bo‘lajak markazning loyihasi bilan tanishar ekan, Shavkat Mirziyoyev obyektni Islom madaniyati markazi deb nomlash o‘rniga Islom sivilizatsiyasi markazi deb atashni taklif qilgandi.

Dastlab loyihani amalga oshirish 413,5 mlrd so‘m (MBning 2017 yil 26 dekabrdagi valyuta kursiga ko‘ra, 50,9 mln dollar) deb baholangan edi. 2017 yil 27 dekabr kuni Toshkent shahar hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» va «Trest-12» o‘rtasida tuzilgan shartnomada ishlarning qiymati davlat ekspertizasidan o‘tgan loyiha-smeta hujjatlari chiqarilganidan keyin va pudratchining haqiqiy xarajatlarini hisobga olgan holda joriy narxlarda xarajatlarning jamlama hisob-kitobi bo‘yicha belgilanishi qayd etilgan.

Qurilish qiymati bir necha martaga oshdi. 2019 yil 10 fevral kuni tomonlar qo‘shimcha bitim imzolagan. Uning doirasida ishlar qiymati 988,2 mlrd so‘mga (BMning 2019 yil 12 fevraldagi valyuta kursiga ko‘ra, 117,7 mln dollar) oshirildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan 2018−2019 yillarda 319,2 mlrd so‘mlik ishlar moliyalashtirilgan.


Rossiyalik tadbirkor, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov O‘zbekistondagi loyihalarga 2019 yil yakuniga qadar 300−400 mln dollar miqdorida mablag‘ kiritishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi. Shuning 100 mln dollari — Islom sivilizatsiyasi markazini qurishga yo‘naltirilishi aytilgandi.

2021 yil 11 oktabrdagi qo‘shimcha kelishuv bilan ishlar qiymati yana bir bor — 1,72 trln so‘mgacha (BMning 12 oktabrdagi valyuta kursiga ko‘ra, 161,8 mln dollar) oshirilgan. Shunday qilib, Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi 4 yildan kamroq muddat ichida 4,1 baravarga qimmatlashdi.

2020−2018 yillarda loyiha 605,8 mlrd so‘mga moliyalashtirilib, 2021 yilda yana 253,6 mlrd so‘m ajratish rejalashtirilmoqda.


2021 yil yanvar oyida prezident qurilish vaziri Botir Zokirov (o‘ngda) bilan markaz qurilishi jarayonlarini ko‘zdan kechirayapti.

Aprel oyida «Gazeta.uz» «Trest-12» bir qator yirik (1,2) davlat buyurtmalarini tendersiz amalga oshirishi haqida yozgan edi. Qurilish vaziri Botir Zokirov (uning turmush o‘rtog‘i va o‘g‘li — trest muassislari orasida) kompaniya va uning imidji 40 yildan oshiqroq tarixga egaligi, tendersiz loyihalarni berish to‘g‘risida qarorni hukumat va prezident chiqarishini ma’lum qilgandi.