Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekiston iqtisodiyotining 2021 yilgi o‘sish suratlari bo‘yicha bashoratini yaxshiladi.

Jamg‘armaning jahon iqtisodiyoti rivojlanishi haqidagi hisobotida O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish suratlari bo‘yicha oldingi bashorat 6,1%gacha yaxshilangan. Mutaxassislar 2022 yilda mamlakat YAIMi 5,4%ga o‘sishini kutishmoqda.

Jamg‘armaning ta’kidlashicha, pandemiyaga qaramasdan dunyo bo‘yicha iqtisodiy faollik tiklanishda davom etmoqda. Biroq jahon iqtisodiyotining o‘sishi 2021 yilda ozgina sekinlashadi — bu ko‘rsatkich 5,9% bo‘lishi bashorat qilinmoqda, oldingi bashoratdan 0,1%ga pastroq.

Ushbu o‘zgarishning asosiy sababi hozir kuzatilayotgan yetkazib berishdagi muammolar tufayli rivojlangan mamlakatlar, daromadi past va epidemiologik vaziyat yomonlashgan mamlakatlar bo‘yicha bashoratning pasayishi bo‘ldi.

XVJ ekspertlari pandemiya davrida ochilgan rivojlanish darajalari o‘rtasidagi tafovutlar davom etayotganligini ta’kidladi. Ularning fikriga ko‘ra, ushbu tafovutlar o‘rta istiqbolda iqtisodiyotga ta’sir ko‘rsatadi.

«Ushbu tafovutlarning asosiy omillari vaksinalarning mavjudligi va erta bosqichda qabul qilingan davlat qo‘llab-quvvatlash choralaridir», — deyiladi hisobotda.

Oldinroq Jahon banki 2021 yilda O‘zbekistonda YAIM o‘sishi bo‘yicha prognozini yaxshilab, 6,2%lik o‘sish kutilayotganligini ma’lum qilgan edi. sentabr oyida Osiyo taraqqiyot banki ham O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha bashoratlarini yaxshilagan edi.