O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar Strategiyasi doirasida 2017−2021 yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks etgan Reforms.uz sayti ochildi. Saytdagi matnga ko‘ra, Strategiya doirasida «oliy ta’lim muassasalarining akademik mustaqilligi ta’minlandi» va «oliy ta’lim muassasalarining jahon ta’lim makoniga integratsiyasi faollashdi». Bu bayonotlar qanchalik haqiqatga yaqin ekanligiga aniqlik kiritishga harakat qilamiz.

Qanday va’dalar berilgan edi

2017 yilda qabul qilingan Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ta’lim va fanni rivojlantirish bo‘lib, uning doirasida «ta’lim va o‘qitish sifatini baholashning xalqaro standartlarini joriy etish asosida oliy ta’lim muassasalari faoliyatining sifati hamda samaradorligini oshirish, oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarini bosqichma-bosqich ko‘paytirish» ko‘zda tutilgan edi.

Bu maqsadlarga erishish uchun har yilgi Davlat dasturlarida aniq qadamlar belgilangan edi. 2019 yilda mahalliy OTMlarni QS va Times Higher Education kabi xalqaro agentliklarning reytingiga kiritish bo‘yicha yo‘l xaritasini, shuningdek, oliy ta’lim uchun yagona makon yaratish va ta’lim ishtirokchilarining akademik harakatchanligini ta’minlashni nazarda tutuvchi Bolonya jarayoniga O‘zbekistonning kirishi bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash ko‘zda tutilgan edi.

2020 yilgi dasturga, jumladan, Oliy ta’lim vazirligining ta’lim mazmuniga aralashmasligini ta’minlaydigan normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish, shuningdek, yetakchi xorijiy OTMlar bilan birgalikda mahalliy oliy o‘quv yurtlarining transformatsiyasini boshlash ko‘zda tutilgan edi. Biroq, bunday transformatsiya nimadan iborat bo‘lishi haqida dasturda aniq tushuntirish yo‘q edi.

2021 yilgi dasturda mamlakatning 30ta OTMiga o‘quv dasturlarini mustaqil ishlab chiqish, qabul kvotalarini belgilash va moliyaviy masalalarni hal qilish huquqi berilishi ko‘zda tutilgan edi.

Nima ishlar amalga oshirildi va nimalar qilinmadi

2020 yilda 1997 yilgi qonun o‘rniga yangi «Ta’lim to‘g‘risidagi qonun» qabul qilindi. Qonunda mamlakat ta’lim tizimini tartibga soluvchi davlat organlarining vakolatlari belgilab berilgan.

Ushbu qonunning 34-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, oliy ta’lim, o‘rta maxsus ta’lim hamda professional ta’limning o‘quv rejalari va o‘quv dasturlari ishlab chiqilishini ta’minlaydi. Tuzilmasida OTMlar mavjud boshqa vazirliklar va organlar o‘z standartlari va dasturlarini Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan muvofiqlashtirishi lozim.

Ko‘rib turganimizdek, OTMlar tomonidan o‘quv rejalari va dasturlarining mustaqil ishlab chiqilishi, ya’ni ularning akademik erkinligi haqida hech narsa aytilmagan. To‘g‘ri, nodavlat ta’lim tashkilotlariga mustaqil ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari asosida ta’limni tashkil qilish huquqi berilgan, lekin davlat OTMlari bu huquqdan mahrum.

Shu bilan birga, Oliy ta’lim to‘g‘risidagi nizom modulli o‘qitish tizimiga o‘tgan OTMlarga o‘quv rejalari va fanlar dasturlarini mustaqil ishlab chiqish va tasdiqlash huquqini beradi. Biroq, bunda yuridik chigallik kelib chiqadi: nizom Oliy ta’lim vazirligining buyrug‘i bilan tasdiqlangan va qonunga nisbatan pastroq yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatdir. «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida tafovutlar bo‘lgan taqdirda yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat qo‘llaniladi. Yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat — qonun esa, yuqorida ko‘rib turganimizdek, davlat OTMlariga akademik erkinlik bermaydi.

2019 yilda oliy ta’limni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi, u respublikaning kamida 10 ta oliy o‘quv yurtini xalqaro reytinglarning eng yaxshi 1000taligiga, flagmanlar deb belgilangan ikkita oliy o‘quv yurtini esa (O‘zbekiston Milliy Universiteti va SamDU) eng yaxshi 500talikka kiritishni ko‘zda tutadi.

Biroq, belgilangan maqsadga erishish uchun qanday aniq qadamlar qo‘yilishi haqida mazkur hujjatda hech narsa aytilmadi. Lex.uz milliy qonunchilik bazasida bu boradagi harakatlar rejasi bo‘lgan boshqa hujjatlarni izlash ham hech qanday natija bermadi.

Konsepsiyada, shuningdek, konsepsiyani amalga oshirishdan kutilgan natijalardan biri sifatida oliy o‘quv yurtlarining akademik mustaqilligini ta’minlash haqida so‘z boradi. Biroq, bu yo‘nalishdagi aniq harakatlar haqida hech nima deyilmagan.

Oliy ta’lim vazirligining konsepsiyani amalga oshirishga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ham OTMlarga akademik erkinlik berish rejalari haqida hech qanday izoh berilmadi. Shuningdek, 2019 yil 1 mayga qadar bu yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni tasdiqlash ko‘zda tutilgan bo‘lsada, Bolonya jarayoniga qo‘shilish yoki qo‘shilmaslik haqida hech qanday ma’lumot berilmadi.

2020 yilda talabalarning kredit birliklarni to‘plashi va bu kreditlarning boshqa OTMlar tomonidan tan olinishi jarayonini aniqlashtirib beruvchi kredit-modul tizimini OTMlar o‘quv jarayoniga joriy qilish to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi. Qizig‘i, ushbu hujjatda kredit-modul tizimga daxldor hujjatlar, shu jumladan, o‘quv dasturlari va fanlar katalogi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi qayd etilgan, shu tariqa OTMlar akademik erkinlikdan yanada uzoqlashtirilgan.

Shuningdek, 2020 yilda «Oliy ta’lim muassasalarini nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hukumat qarori qabul qilindi. Oliy ta’lim vazirligiga 2021 yil 1 martgacha ochiq tanlov orqali beshta OTMni tanlash va 2021 yil 1 mayga qadar ushbu OTMlarni transformatsiya qilish dasturini tasdiqlash topshirildi.

Tajriba sifatida, 2021/22 o‘quv yilidan boshlab, tanlangan OTMlar bakalavriat va magistraturaga kirish uchun kvotalarni mustaqil belgilashlari, shuningdek, «eng yaxshi xalqaro tajriba» asosida bakalavr darajasiga kirish imtihonlarini mustaqil o‘tkazishlari kerak edi. Shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ham 2021/22 o‘quv yilidan boshlab ushbu OTMlarga keng akademik mustaqillik berish choralarini ko‘rish topshirilgan edi.

Internet sarhadlarida bu kabi tanlovning o‘tkazilganligi va uning natijalari bo‘yicha hech qanday ma’lumot topilmadi. Shuningdek, biror-bir davlat OTMining qabul kvotalarini mustaqil belgilashi yoki kirish imtihonlarini mustaqil o‘tkazishi haqida hech bir axborot yo‘q.

Otmlarga akademik erkinlik nega kerak?

Yevropa universitetlarining buyuk xartiyasi — 1988 yilda Bolonyada (Italiya) Yevropa universitetlari rektorlari tomonidan qabul qilingan va dunyoning 900 dan ortiq universitetlari tomonidan imzolangan hujjat universitet «ilmiy tadqiqot va o‘qitish orqali madaniyatni yaratadigan, o‘rganadigan, baholaydigan va avloddan avlodga qoldiradigan muassasa» ekanligini uqtiradi.

Bu vazifani bajarish uchun tadqiqot va ta’lim axloqiy va intellektual jihatdan har qanday siyosiy hokimiyat va iqtisodiy bosimlardan mustaqil bo‘lishi kerak. Hujjat tadqiqot va kasbiy tayyorgarlikdagi erkinlikni «universitet hayotining fundamental tamoyili» sifatida tan oladi.

1997 yil noyabr oyida YUNESKOning Bosh konferensiyasi tomonidan qabul qilingan OTMlarning o‘qituvchi kadrlari maqomi to‘g‘risidagi tavsiyanomasi universitet avtonomiyasini «oliy o‘quv yurtlari o‘zlarining ilmiy ishlari, tartiblari, boshqaruvlari va tegishli faoliyatiga nisbatan samarali qaror qabul qilishlari uchun kerak bo‘lgan o‘zini o‘zi boshqarish darajasi» sifatida baholaydi.

1998 yilda YUNESKOning Butunjahon oliy ta’lim konferensiyasi ishtirokchilari tomonidan qabul qilingan «XXI asr uchun oliy ta’lim to‘g‘risidagi butunjahon deklaratsiyasi«ga binoan, OTMlar, ularning xodimlari va talabalari «huquq va majburiyatlarning majmuasi sifatida tushuniladigan to‘liq akademik erkinlik va avtonomiyadan foydalanishlari kerak, shu bilan birga, jamiyat oldida to‘liq javobgar bo‘lishlari lozim».

Ta’lim sifati bo‘yicha xalqaro ekspert Bastian Baumann «Gazeta.uz» nashriga bergan intervyusida avtonomiya va mas’uliyat munosabatlari haqida gapirganda, quyidagi o‘xshashlikni keltiradi: agar OTM uchun barcha qarorlar vazirlik yoki boshqa muassasa tomonidan qabul qilinsa, OTM ham sifat uchun javobgar emasligini aytishi mumkin.

Amerika o‘qituvchilari assotsiatsiyasi ta’rifiga ko‘ra, akademik erkinlik — bu OTM o‘qituvchi-professorlari tarikibining OTM o‘quv dasturi, fanlar mazmuni, o‘qitish va baholash usullarini tashqi aralashuvsiz, mustaqil belgilash huquqidir. Akademik erkinlik OTMlarni talabalar va o‘qituvchilar har qanday sohada yangi bilimlarni yaratishi mumkin bo‘lgan tadqiqot maydoniga aylantiradi.

Umuman olganda, OTMlarning akademik erkinligi (mustaqilligi, avtonomiyasi) ular uchun eng muhim vazifalardan biri — yangi bilimlarni yaratish va tarqatish uchun zarur shart sifatida qaraladi. Bundan tashqari, akademik mustaqillik OTMlar mehnat bozorining doimiy o‘zgarib turadigan talablariga o‘z vaqtida moslashishi va o‘quv jarayonining sifatini ta’minlashi uchun zarurdir.

Shuningdek, akademik erkinlik — bu OTMlar o‘rtasidagi talaba uchun raqobat hamdir. Xuddi o‘sha intervyuda Baumann shunday degan edi: «OTMlar o‘quv dasturlarini o‘zgartira olsa, o‘qitmoqchi bo‘lgan sohasining qaysidir jihatlariga chuqurroq kira olsa, o‘qitish va o‘rganishning turli usullarini taklif qila olsagina raqobat paydo bo‘ladi».

Shaxsiy tajribamdan misol keltirishga ruxsat bersangiz. Oldimda magistraturada o‘qish uchun Buyuk Britaniyadagi OTMni tanlash masalasi turganda, meni qiziqtirgan yo‘nalishda dasturlarni taklif qiladigan OTMlar ro‘yxatini tuzdim. Bir yo‘nalishning o‘zi bo‘yicha turli OTMlar turli o‘quv dasturlarini taklif qilishdi va OTM tanlashda, boshqa omillar qatorida, men tanlagan yo‘nalish bo‘yicha qaysi OTM meni qiziqtirgan jihatlarga ko‘proq urg‘u berishiiga e’tibor qaratdim.

Reforms.uz: hisobotdar qay darajada haqiqatga yaqin?

Otmlarning akademik erkinligi ta’minlanganmi? OTMlarning jahon ta’lim makoniga integratsiyasi qanchalik faollashgan? Bu savollarga javoblarni ko‘rib chiqsak. Yuqorida ko‘rganimizdek, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar davlat OTMlariga o‘z o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va joriy qilishga ruxsat bermaydi.

OTMning akademik erkinligi deganda talabalarni turli ta’lim dasturlariga qabul qilish va ularni baholash bilan bog‘liq masalalarni mustaqil hal qilish imkoniyati ham tushuniladi. Oliy ta’lim tizimini boshqarishdagi oxirgi qaror va takliflarga qaraganda, mahalliy OTMlar bu borada ham mustaqillikdan umid qila olmaydi.

Oliy ta’lim sifatini ta’minlashning asosiy tamoyillaridan biri — OTMning ta’lim dasturlariga talabalarni qabul qilishda qo‘llaniladigan baholash usullari mazkur ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli yakunlash salohiyatiga ega bo‘lgan talabalarni tanlash imkonini berishidadir. Mahalliy OTMlarda qo‘llaniladigan talabalarni tanlash usullari bu tamoyilga mos keladimi? Bu savolga ijobiy javob berish mushkul.

Davlat test markazining 20 yildan oshiq vaqt mobaynidagi faoliyati davomida talabaning OTMga kirish imtihonlarida qayd etgan natijasi va keyingi o‘qish ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi korrelyatsiya (bog‘liqlik) to‘g‘risida hech qanday tadqiqot natijalari chop etilmagan. Bunday korrelyatsiya — fanda prediktiv validlik deb ataladi — test tizimimiz haqiqatan ham munosib nomzodlarni tanlab bermoqdami yoki yo‘qligiga ishonch hosil qilish imkonini bergan bo‘lardi. Shuningdek, super va giper-kontraktlar asosida qabul qilingan bitiruvchilarning sifati bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish ham foydadan xoli bo‘lmasdi.

Bakalavriat dasturlariga talabalarni qabul qilish uchun ishlatiladigan DTM testlarining prediktiv validligi borasida ishonchli ma’lumotlar yo‘qligiga qaramay, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rahbariyati magistraturaga qabul ham DTM testlari orqali amalga oshirilishini taklif qilmoqda. Ya’ni, OTMlarni magistrlik dasturlariga kimlar saralab olinayotganini nazorat qilish imkoniyatidan mahrum qilish taklif qilinmoqda. Balki, maqsad korrupsiyaga barham berishdir, biroq korrupsiyaga qarshi kurash akademik erkinlik va sifatning asosiy tamoyillarini inkor qilish evaziga bo‘lishi shartmi?

Yana bir qiziq, lekin tushunarsiz taklif — OTM bitiruvchilarini Davlat test markazi tomonidan sinovdan o‘tkazish. Birinchidan, OTM bitiruvchisi tahlil qilish, sintez, baholash, muammolarni hal qilish kabi ko‘nikmalarga ega bo‘lishi kerak, bunday ko‘nikmalarni DTM o‘zining asosiy baholash instrumenti bo‘lgan yopiq turdagi test topshiriqlari (bir nechta javob variantli test) yordamida tekshira olishi dargumon. Ikkinchidan, OTMda davlat akkreditatsiyasining mavjudligi davlatning OTMga bo‘lgan ishonchini bildiradi, OTMni o‘z bitiruvchisini baholash imkoniyatidan mahrum qilish taklifi bunday ishonchni chippakka chiqaradi. Va nihoyat, bu OTMni akademik erkinlikdan butunlay mahrum qilish deganidir, axir akademik erkinlik talabalarni baholash usullarini erkin tanlash imkonini ham nazarda tutadi.

Boshqa bir yangilikni ko‘rib chiqamiz — mamlakat ichida bir OTMdan boshqasiga va chet el OTMidan mahalliy OTMga o‘qishni ko‘chirish talablarining qiyinlashtirilishi. Talabaning yoki uning ota-onasining boshqa manzilga ko‘chishi kabi uzrli sabablar bo‘lmagan taqdirda, mamlakat ichidagi boshqa OTMga o‘qishni ko‘chirishga faqat super kontrakt to‘langandan keyin ruxsat berilmoqda. «Turdosh bo‘lmagan» yo‘nalishga ko‘chirish esa umuman ta’qiqlandi.

Xorijiy OTMdan mahalliy OTMga o‘qishni ko‘chirishmoqchi bo‘lgan talaba DTMning o‘tgan yili abituriyentlar uchun ishlatilgan savollaridan tuzilgan testni topshirishi kerak va o‘tgan yili belgilangan o‘tish balini to‘plashi kerak. Hatto diplomi O‘zbekistonda imtihonsiz tan olinadigan top-1000likdan o‘rin olgan OTMda tahsil olayotgan talabalar ham ushbu jarayondan o‘tishlari shart.

Bunday yondashuv ham OTMlarning akademik erkinligini va kredit tizimining mohiyatini yo‘qqa chiqaradi. Bunday yo‘l bilan OTMlarning jahon ta’lim makoniga integratsiyasiga erishish ham mumkin emas.

Kredit tizimining afzalliklaridan biri — bu o‘z mamlakati ichida ham, chet elda ham talabalarning akademik harakatchanligini ta’minlashidadir: talaba bir OTMda o‘qishni boshlab, boshqasida davom ettirib, uchinchisida diplom olishi mumkin.

Agar talaba o‘qishini boshqa OTMga ko‘chirmoqchi bo‘lsa, bu OTM talaba oldin o‘qigan OTMdagi o‘quv dasturini o‘rganadi, uni o‘z dasturi bilan taqqoslaydi va talaba to‘plagan kreditlarning qanchasi tan olinishini hal qiladi. Talaba bo‘lsa yangi OTMda diplom olish uchun zarur bo‘lgan kreditlarni yig‘ishda davom etadi. O‘qish yo‘nalishlari aynan mos kelishi ham shart emas. Bir OTMda tarix yo‘nalishida o‘qishni boshlagan talaba o‘qishini boshqa OTMning tilshunoslik bo‘limida davom ettirishi mumkin — bu holda u yangi OTMda ko‘proq kredit to‘plashi kerak bo‘ladi.

OTMlarning mustaqilligi ularning ish beruvchilar sifatida xodimlar bilan, shu jumladan, professor-o‘qituvchilar bilan munosabatlarini erkin tartibga solish vakolati hamdir.

OTMlar o‘qituvchilarga qo‘yiladigan talablarni, ularning ish sifatini nazorat qilish, ularni attestatsiyadan o‘tkazish va lavozimini oshirish tartiblarini mustaqil belgilaydi. Faylasuf va antropolog Valeriy Xan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan professor-o‘qituvchilarning ishini baholashning amaldagi tizimi ilmiy-pedagogik yutuqlarni baholamasligi va «boshi berk ko‘cha»ga kelib qolgani haqida yozgan edi. Bu so‘zlarning tasdig‘i sifatida menga bir voqeani aytib berishdi: mahalliy OTMlardan birida ishlaydigan chet tillarini yaxshi biladigan, xalqaro jurnallarda maqolalar chop qilgan va xorijiy OTMlar bilan xalqaro loyihalarda qatnashadigan fan doktori o‘sha «mashhur» 110 ballik baholash tizimidan o‘ta olmagan. Shunga qaramasdan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan loyihani tahlil qilsak, professor-o‘qituvchilar ishini tartibga solish va baholashga yondashuvlar hali beri o‘zgaradiganga o‘xshamaydi.

«Qaroqchi» jurnallarda sifati shubhali «ilmiy» maqolalar chop etish ham — bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston 2020 yilda birinchi o‘rinni egallagan — jahon ta’lim makoniga integratsiyalashuvga yordam bermaydi. OTMlar o‘z xodimlaridan har yili ma’lum miqdordagi maqolalarni xalqaro jurnallarda chop etishni talab qiladilar, buni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining talabi va xalqaro reytinglarga kirish istagi bilan izohlaydilar. Maqola chop etish bo‘yicha bunday «reja»ni bajarmaslik ko‘pincha mehnat shartnomasining bekor qilinishiga olib keladi. Ammo shuni ham tushunish kerakki, nufuzli ilmiy jurnalda maqola chop etish degani — odatda jiddiy ilmiy izlanishlarning yakunidir, buni «konveyer»ga aylantirib bo‘lmaydi. Shubhali jurnallardagi maqolalar esa OTMning obro‘siga ijobiy ta’sir qilmaydi va xalqaro reytinglarga kirishga yordam bermaydi.

Shunday qilib, oliy ta’limni boshqarishning so‘nggi tendensiyalari tahlili shuni ko‘rsatadiki, Reforms.uz sayti mualliflari «oliy ta’lim muassasalarining akademik mustaqilligini ta’minlash» va oliy ta’lim muassasalarining jahon ta’lim makoniga integratsiyasini faollashtirish" to‘g‘risida bergan hisoboti haqiqatdan hali ancha yiroq. O‘tgan yillar davomida davlat dasturlariga kiritilgan ko‘p vazifalar ham shu ko‘yi qog‘ozda qolib ketdi. Mahalliy oliy ta’limni isloh qilish dasturlarini kelajakda ham xuddi shunday taqdir kutmasligiga umid qilishdan boshqa choramiz yo‘q.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.