Kuvaytda ayollarga armiyada xizmat qilishga ruxsat berildi

Kuvayt mudofaa vaziri Hamad Jaber Ali as-Saboh ayollarga amirlik qurolli kuchlarida bir qancha bo‘linmalarda xizmat qilishga ruxsat beruvchi farmonga imzo chekdi, deb xabar bermoqda TASS KUNA’ga tayanib.

«Kuvaytlik ayollar mamlakat boshidan kechirgan eng og‘ir sharoitlar va vaqtlarda barcha sohalarda erkaklar bilan teng harakat qilishganini isbotladilar, shuning uchun ularga Kuvayt armiyasida erkaklar bilan yonma-yon xizmat qilish imkoniyatini berish vaqti keldi», — dedi mudofaa vaziri.

Qayd etilishicha, dastlabki bosqichda ayollar Kuvayt armiyasining tibbiy va yordamchi bo‘linmalarida kichik ofitser va mutaxassis sifatida xizmat qilishlari mumkin bo‘ladi.


Kanada 40 ming afg‘on qochqinini qabul qiladi

Kanada hukumati AQSh va boshqa davlatlar tomonidan Afg‘onistondan evakuatsiya qilinayotgan 40 ming afg‘onistonliklarni qabul qilmoqchi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Jastin Tryudo o‘zining Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi. «Kanada 40 ming [afg‘on] qochqinlarini qabul qiladi va biz boshqa [mamlakatlarni] qochqinlarni xavfsiz joylashtirish uchun sa’y-harakatlarini kuchaytirishga chaqiramiz», deb yozadi u.

Tryudo, shuningdek, hukumat hujjatiga havola qoldirgan, unga ko‘ra, Ottava nafaqat G‘arb mamlakatlarining harbiy kampaniyasi davomida Kanada armiyasiga yordam bergan afg‘onlar va ularning oilalarini, balki maqomi Kanadadagi gumanitar dasturlarga mos keladiganlarni ham qabul qiladi.

Avgust oyining oxirida Kanadaning immigratsiya, qochqinlar va fuqarolik ishlari bo‘yicha vaziri Marko Mendichino mamlakat 5 minggacha afg‘on qochqinlarini, shu jumladan AQSh va uchinchi davlatlarga evakuatsiya qilinayotganlarni qabul qilishini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, Kanada mustaqil ravishda Afg‘onistondan 3,7 ming kishini, shu jumladan o‘z fuqarolarini va qochqinlarni olib chiqa olgan. O‘tgan ikki oy mobaynida Ottava iltimosiga binoan 100 dan ortiq kanadalik va afg‘onistonlik Afg‘onistondan Qatarga olib chiqildi, so‘ngra ular Kanadaga joylashtiriladi.

Shuningdek:

  • Afg‘oniston Vazirlar Mahkamasi avvalgi hukumat davrida faoliyat yuritgan barcha harbiy xizmatchilar va muassasalar xodimlarining xizmatiga qaytishni taklif qildi. «Oldingi tuzumning barcha xodimlari, ham harbiy, ham fuqaro, huquqni muhofaza qilish organlarida ishlash uchun qaytish taklifini oldilar», dedi IIV matbuot kotibi qori Said Xosti TASS’ga. Kobuldagi xavfsizlik holati haqida gapirar ekan, qori Said Xosti buning uchun bir qator tuzilmalar, jumladan, IIV, milliy xavfsizlik idoralari va maxsus kuchlar javobgarligini ta’kidladi. «Ularning hammasi mustaqil ishlaydi. Har bir bo‘linma ma’lum bir mansabdor shaxs tomonidan nazorat qilinadi. Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirligining o‘ziga xos maxsus bo‘linmalari bor, ular uchun vazirning o‘zi javobgardir», — dedi Said Xosti

Palma orolida lava oqimi tufayli 800 ga yaqin kishi evakuatsiya qilinadi

Kanar orollari tarkibiga kiruvchi Palma oroli hukumati vulqondan lavaning uzluksiz oqishi tufayli 800 ga yaqin kishini evakuatsiya qilishga qaror berdi. Bugungi kunga kelib, 19 sentabrda vulqon otilishi boshlanganidan buyon uylarini tark etishga majbur bo‘lganlarning umumiy soni 6,8 ming kishiga yetdi. Favqulodda xizmatlar evakuatsiya qilinayotgan mahalliy aholini eng muhim narsalar va uy hayvonlarini o‘zlari bilan olishga chaqirdi.

Kanar orollari vulqonshunoslik instituti hozirgi otilish uch oy davom etishi mumkin degan xulosaga kelgan. Bugungi kunga kelib, qurbonlar va jiddiy jarohatlar holatlari bo‘lmagan, lekin vulqon lavasi xususiy mulk, jamoat infratuzilmasi va dehqonchilik yerlariga katta zarar yetkazgan. — El Pais.

Avvalroq, oroldan 5 ming kishi evakuatsiya qilingani haqida yozgan edik.

Bundan tashqari:

Meksikaga «Pamela» bo‘roni yaqinlashmoqda va chorshanba kuni Masatlan shahriga (Sinaloa shtati) yetib borishi mumkin. «Pamela» bo‘roning maksimal tezligi soatiga 130 kmga yetmoqda. Hozirgi vaqtda tabiiy ofat 1-toifali sifatida baholangan, lekin Meksikaga yetgach u Saffir-Simpson shkalasi bo‘yicha 3 ballgacha (5 balldan) ko‘tarilishi mumkin. — Interfaks (AP).


Greenpeace Fransiyada radioaktiv chiqindilarning Rossiyaga olib chiqilishiga qarshi norozilik namoyishini o‘tkazdi

Fransiyadagi Greenpeace ekologik tashkiloti faollari Orano sanoat kompaniyasi binosi oldida radioaktiv chiqindilarning Sibirga olib chiqilishiga qarshi norozilik namoyishini o‘tkazdilar.

Avvalroq, tashkilotning Fransiyadagi bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga ko‘ra, Rossiyaga o‘n bir yillik tanaffusdan so‘ng radioaktiv chiqindilar olib chiqilishi tiklangani ma’lum bo‘ldi. Ta’kidlanishicha, shu yilning yanvar-fevral oylarida Orano Rosatom’ga yuzlab tonna ishlatilgan uran yuborgan. Greenpeace ma’lumotlariga ko‘ra, faollar sun’iy yo‘ldoshlar orqali Severskda (Rossiyaning Sibir o‘lkasi) ochiq havoda minglab (ishlatilgan uran bilan to‘ldirilgan) bochkalar mavjud bo‘lgan tasvirlarni olishgan.

«Greenpeace»ning qayd etishicha, xavfsiz tashishni ta’minlash va logistika operatsiyalarini tegishli tartibda tashkil etish kabi qat’iy shartlar bajarilgan taqdirdagina radioaktiv chiqindilarni Yevropa Ittifoqidan uchinchi mamlakatlarga olib chiqish mumkin. — Greenpeace veb-sahifasi.


Shuningdek:

  • AQSh noyabr oyida COVID-19'ga qarshi emlanganlarga Meksika va Kanada bilan quruqlikdagi chegaralarini ochadi. Aniq sana hali belgilanmagan. Chegaralar 18 oydan ko‘proq vaqt davomida yopilgan edi. — Interfaks (AQSh OAV)
  • AQShning Kaliforniya shtatidagi Santi shahrida Cessna 340A samolyotining qulashi oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘ldi va bir nechta uylar vayron bo‘ldi. Qurbonlarning aniq soni hali noma’lum. — Interfaks.