Jinoiy javobgarlikka tortish yoshi 13 yoshdan 14 yoshga oshirilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga o‘zgartirish kiritishga doir ushbu mazmundagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilmoqda.

Prezidentining 9 avgustdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq, jinoiy javobgarlikka tortishning eng kam yoshi o‘n to‘rt yosh qilib belgilash taklif etilgan edi.

Jinoyat kodeksi 17-moddasining amaldagi tahririga ko‘ra, jinoyat sodir etgunga qadar 13 yoshga to‘lgan shaxslar javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirganliklari (97-moddaning ikkinchi qismi) uchungina javobgarlikka tortiladilar. Deputatlar tomonidan taklif etilgan o‘zgarish qabul qilinsa, mazkur jinoyat yuzasidan javobgarlikka tortish yoshi 14 yoshga oshirilishi mumkin.

“Xorij mamlakatlar, xususan Germaniya, Italiya, Ispaniya, Yaponiya va MDH mamlakatlari jinoyat qonunchiligida jinoiy javobgarlikka tortishning eng kichik yoshi sifatida 14 hisoblanadi”, — deb yozadi deputat.

Rasul Kusherbayevning qo‘shimcha qilishicha, “mazkur o‘zgarishlar insonparvarlik yo‘lidagi yana bir qadam”.