Bugun, 13 oktabr kuni Jurabek Laboratories MCHJ qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan xitoy-o‘zbek vaksinasining 1 mln 219 ming 510 dozalik ikkinchi partiyasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga yetkazib berildi. Bu haqda SSV axborot xizmati xabar berdi.

30 sentabr kuni mazkur korxona tomonidan ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 1,4 mln dozasi SES xizmati vakillariga topshirilgan edi.

Shuningdek, kecha “Sputnik V” vaksinasining birinchi partiyasi 260 ming 500 dozada SES xizmati vakillariga topshirilgan.

Shunday qilib, O‘zbekistonda emlash jarayonlarida foydalanilayotgan jami vaksina 29 mln 893 ming 038 dozani tashkil qilmoqda.

Ulardan 1 mln 594 ming 480 dozasi AstraZeneca, 23 mln 177 ming 998 dozasi ZF-UZ-VAC2001, 720 500 dozasi “Sputnik V”, 3 mln 060 dozasi Moderna, 1 mln 200 ming dozasi Pfizer/BioNTech, 200 ming dozasi Sinovac vaksinasidir.

Shundan 22 mln 956 ming 058 dozasi emlash jarayonlarida qo‘llanilgan. 5 mln 328 ming 121 nafar aholi koronavirusga qarshi barcha bosqichlarda to‘liq emlangan.

Iyul oyida “Gazeta.uz” O‘zbekistonda avgust oyidan boshlab koronavirusga qarshi xitoy-o‘zbek vaksinasi ishlab chiqarish bo‘yicha memorandum imzolanishiga kelishilgani haqida yozgan edi. Birinchi bosqichda oyiga 10 mln doza vaksina ishlab chiqarish va keyinchalik bu ko‘rsatkichni yiliga 200 mln dozagacha olib chiqish ko‘zda tutilayotgani aytilgan.

Avgust oyida O‘zbekiston hukumati Jurabek Laboratories kompaniyasida ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC 2001 va “Sputnik V” vaksinalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga rozilik bergani haqida ham xabar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, 1 noyabrga qadar aholining 70 foizini emlash rejalashtirilgan.