24 oktabr kuni prezident saylovida ovoz berish uchun mo‘ljallangan saylov uchastkalarida onlayn videokuzatuv kameralari o‘rnatilmoqda. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi (MSK) raisining o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov kommissiya yig‘ilishida ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, xorijiy tajriba va mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, har bir tuman va shahardagi 1 tadan namunaviy saylov uchastkalarida 2 tadan kameralar va zaruriy qurilmalar o‘rnatiladi. Shunda 207 ta tuman va shaharlarda jami 414 ta kuzatuv kameralari o‘rnatilishi belgilangan. Bu 2019 yilgi parlament saylovlaridagi kameralar sonidan qariyb 3,5 barovarga ko‘proq.

Kuzatuv kameralari o‘rnatilgan saylov uchastkalaridagi ovoz berish jarayonlari Saylov2021.uz saylov portali, matbuot markazidagi katta hajmdagi monitorda va «O‘zbekiston24» telekanalida hamda MSK binosida onlayn translyatsiya qilib boriladi. Translyatsiya vaqti 24 oktabr kuni soat 8.00 dan 20.00 gacha belgilangan.

Kameralar o‘rnatiladigan saylov uchastkalari mahalliy hokimliklar tomonidan AKT vazirligi bilan hamkorlikda tanlab olingan. Ro‘yxatga tushgan saylov uchastkalarida optik tolali internet aloqasi mavjudligiga e’tibor berilgan.

Mazkur choralar saylovga ajratilgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi. Kameralarni o‘rnatish va onlayn efirga uzatish bo‘yicha barcha xarajatlar «Xavfsiz shahar» jamoat tartibiga ko‘maklashish markazi mutaxassislari bilan birgalikda hisob-kitoblar amalga oshirilgan va tegishli shartnoma imzolangan.

Ma’lumot uchun, 2019 yildagi parlament saylovlarida 60 ta saylov uchastkasiga 120 ta videokuzatuv kameralari va zaruriy qurilmalari «UNICON.UZ» DUK tomonidan o‘rnatilgan edi.