BMT O‘zbekiston hududi orqali afg‘on xalqi uchun gumanitar yordam yuboradi. Bu haqda BMT yangiliklar xizmati xabar berdi.

Yaqin vaqt ichida BMTning Qochqinlar masalalari bo‘yicha boshqarmasi (UNHCR) O‘zbekistondagi Termiz shahriga gumanitar yordam ortilgan uchta samolyot yuborishni rejalashtirmoqda. Ushbu gumanitar yuklar Termizdan Hayraton chegara punkti orqali Mozori-Sharifga yuk tashish mashinalarida yetkaziladi.

Ushbu samolyotlarning birinchisi Termizga oktabr oyining o‘rtalarida yuborilishi ma’lum qilindi. Gumanitar yuklarda birinchi ehtiyoj mahsulotlari yetkaziladi.

Termez Cargo Centre logistik markazining «Gazeta.uz» muxbiriga xabar berishicha, birinchi bort Termizga 15 oktabr kuni yetib keladi. Keyingi ikkita samolyotlar BMTning Dubaydagi Logistika markazidan 16−17 oktabr kunlari yetib kelishi kutilmoqda.

UNHCR vakili Babar Baloxning ma’lum qilishicha, agentlik Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlarda logistik markazlarni tashkil etish ustida ish olib bormoqda. Ular orqali Afg‘oniston hududi ichida ko‘chishga majbur bo‘lgan 100 minglab afg‘onistonliklarga favqulodda yordam berish ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturining Afg‘onistonga yordam berish doirasidagi asosiy logistik markazini Termizda joylashtirish bo‘yicha qaror qabul qilinganligi haqida xabar berilgan edi. Surxondaryodagi kargo-markazda Afg‘onistonga gumanitar yordam berish uchun BMT agentliklari tomonidan katta omborxona shakllantirilishi haqida Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Teri Xakala ham ta’kidlagan edi.

«oktabr boshidan beri biz temir yo‘l orqali Afg‘onistonga BMTning Butunjahon oziq-ovqat dasturi mahsulotlarini yuboryapmiz, hozirgacha 40 ta vagon o‘tkazganmiz», — dedi kargo-markaz rahbariyati.

«Kechalari havo sovuqlashmoqda va bosh-panasiz qolgan odamlarga tezlik bilan yordam berish zarur», — deya ta’kidladi Balox. Uning so‘zlariga ko‘ra, yordamga muhtoj afg‘onlar soni 20 million kishiga yetgan va kundan-kunga oshib bormoqda.

BMT Afg‘onistondagi gumanitar operatsiyalar uchun jahon hamjamiyatidan so‘ragan 606 mln dollarning hozirgacha faqatgina 35 foizi yig‘ildi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish xalqaro hamjamiyatni Afg‘onistonning parokanda iqtisodiyotini qutqarib qolish uchun mablag‘ yo‘naltirishga chaqirdi. Uning aytishicha, aks holda buning oqibatlari nafaqat afg‘on xalqi, balki butun dunyoga seziladi.

BMT bugungi kunda faqatgina 5 foiz afg‘on oilalari normal oziq-ovqat bilan ta’minlanganligi haqida ogohlantirmoqda. 5 yoshacha bo‘lgan bolalarning yarmidan ko‘pi to‘yib ovqatlanmaydi, yordam ko‘rsatilmasa ular och qolib ketishi mumkin, yordamni yetkazib berish mumkin bo‘lgan vaqt esa o‘tib ketmoqda, deyiladi BMT xabarida.

sentabr oyining o‘rtalarida O‘zbekiston Afg‘onistonga katta partiyada gumanitar yordam yuborgan edi.