Ijtimoiy tarmoqlarda avtomobil yo‘lovchisi eshikka osilib, operatorlik qilgani aks etgan fotolar tarqaldi. Toshkent shahar IIBB holat yuzasidan izoh berdi.

Aniqlanishicha, holat 9 oktabr kuni taxminan soat 14:00 da ro‘y bergan. Matiz rusumli avtomobilni ishonchnoma asosida Jasur X. (1999 y.t.) boshqargan, suratdagi yo‘lovchi Umarjon E. (1995 y.t.) bo‘lgan.

Yo‘lovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 138-moddasi 4-qismi (Transport vositasi harakatlanayotgan vaqtda yo‘lovchi tomonidan tana qismlarini (qo‘ldan tashqari) salondan chiqarish) bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Avtomobil haydovchisi ham jarimaga tortildi.

Yana bir holatda yo‘lovchi Spark rusumli avtomobil salonidan chiqib, operatorlik qilgan.

IIV YHXBBning ma’lum qilishicha, ushbu holat 5 oktabr kuni soat 16:30 larda, Yangihayot tumani hududida sodir bo‘lgan. Yo‘lovchi sifatida qoidani buzgan, M.M. (1999 y.t.)ga nisbatan ham MJtKning 138-moddasi 4-qismi tartibida bayonnoma rasmiylashtirildi.