Jurabek Laboratories MCHJ qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan «Sputnik V» vaksinasi 1- va 2- komponentlarining dastlabki 260 ming 500 dozasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga topshirildi. Bu haqda SSV axborot xizmati xabar berdi.

Jurabek Laboratories axborot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, bu «Sputnik V» vaksinasining birinchi partiyasi hisoblanadi. Vaksina faqat mahalliy bozorga sotilishi aytildi. Vaksinalarning narxlari bo‘yicha ma’lumot berilmadi.

Qo‘shimcha qilinishicha, yana bir partiya ishlab chiqarilgan va hozirda tahlil javoblari kutilmoqda.

Bu O‘zbekistonda tayyorlanayotgan ikkinchi vaksina hisoblanadi. Bundan avval ushbu korxonada jami 7 mln doza ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi ishlab chiqarilgan bo‘lib, uning 1,4 mln dozasi emlash uchun topshiriligan edi.

Shunday qilib, mamlakatda emlash jarayonlarida foydalanilayotgan jami vaksina 28 mln 473 ming 528 dozani tashkil qilmoqda.

Ulardan 1 mln 594 ming 480 dozasi AstraZeneca, 21 mln 958 ming 488 dozasi ZF-UZ-VAC2001, 720 500 dozasi «Sputnik V», 3 mln 060 dozasi Moderna, 1 mln 200 ming dozasi Pfizer/BioNTech vaksinasidir.

Shundan 22 mln 721 ming 129 dozasi emlash jarayonlarida qo‘llanilgan bo‘lib, 5 mln 226 ming 139 nafar aholi koronavirusga qarshi barcha bosqichlarda to‘liq emlangan.

Avgust oyida O‘zbekiston hukumati Jurabek Laboratories kompaniyasida ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC 2001 va «Sputnik V» vaksinalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga rozilik bergani haqida ham xabar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, 1 noyabrga qadar aholining 70 foizini emlash rejalashtirilgan.