Rossiya hukumati O‘zbekistondan 10 ming quruvchini mamlakatga jalb etish bo‘yicha tajriba loyihasini ma’qullagani haqida xabar berilgan edi. Loyiha ishtirokchilari suhbat va tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari, shuningdek rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi asoslarini bilishi to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lishlari kerakligi aytilgan.

Shuningdek, ular koronavirusga qarshi “Sputnik layt” preparati yoki boshqa vaksinalar bilan emlanish yoxud ketishdan besh oygacha bo‘lgan muddatda kasallikni boshdan kechirgarlik to‘g‘risidagi hujjatning mavjud bo‘lishi ham majburiy talab hisoblanishi ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston SSV axborot xizmatiga ko‘ra, Rossiya SSV tomonidan mehnat mirgantlarini emlash uchun yangi turdagi “Sputnik Layt” vaksinasining 12 ming dozasi O‘zbekistonga olib kelindi.

Qayd etilishicha, “Sputnik Layt” bir komponentli vaksina bo‘lib, u bilan to‘liq emlanish uchun vaksinaning bir dozasini olish kifoya qiladi.

Ushbu vaksina bilan faqat O‘zbekistondan yuborilishi mo‘ljallangan 10 ming nafar quruvchi migrantlar emlanadi. Vaksinatsiya jarayoni rossiyalik tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.

Kecha Rossiyada ishlash huquqini beruvchi patentni olishda talab etiladigan tibbiy ko‘rik Rossiya SSV tomonidan O‘zbekistonda o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi. Shu munosabat bilan Rossiyaning 40 nafar tibbiyot xodimi Toshkentga kelgan.

Iyun oyi oxirida Moskvada migrantlarni koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinatsiya jarayonlari boshlangani haqida xabar berilgan edi. Ular ham “Sputnik Layt” bilan emlangan va vaksina uchun to‘lov ish beruvchi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.