Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 12 oktabrdagi majlisida «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Quyi palata matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, qonun loyihasini maromiga yetkazishda iste’molchilar huquqlarini kafolatlash, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ish va xizmat ko‘rsatuvchi) mas’uliyatini yanada oshirishga qaratilgan normalar bilan boyitilgan.

Ta’kidlanishicha, hujjat bilan tovar va xizmatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar davlat tilida taqdim etilishi shartligi belgilab qo‘yilmoqda.

«Shuningdek, qonun loyihasida ishlab chiqaruvchi haqida, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalari, tovar to‘g‘risidagi axborotni iste’molchilarga davlat tilida to‘liq yetkazish, tovarni ekspertizadan o‘tkazish holatlari o‘z aksini topmoqda», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, loyihada vakolatli davlat organi va nodavlat jamoat birlashmalarining iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi vakolat va huquqlari ham mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Loyiha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) masofadan turib, axborot tizimlaridan foydalangan holda realizatsiya qilish chog‘ida iste’molchilarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik va ularning oldini olishga qaratilgan normalar bilan ham to‘ldirildi.

Deputat Rasul Kusherbayevning yozishicha, «bu turmushimizda davlat tili ahamiyatini yanada oshirishga qaratilgan qadam bo‘ladi».

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.