150 ming nafar O‘zbekiston fuqarolari uchun Rossiyaga kirish bo‘yicha taqiq olib tashlandi, deya xabar berdi Rossiya migrantlari federatsiyasi prezidenti Vadim Kojenov.

Bundan tashqari, 150 ming Tojikiston fuqarolariga ham mamlakatga kirish bo‘yicha taqiq olib tashlangan.

Biroq oldinroq Rossiyadan sud qaroriga ko‘ra chiqarib yuborilgan xorijliklarga bu tartib qo‘llanilmaydi. Ular uchun mamlakatga kirish bo‘yicha taqiq o‘z kuchida qoladi.

Agar mamlakatdan chiqarib yuborish qarori Rossiya IIV tomonidan chiqarilgan bo‘lsa, unda fuqaro taqiq bor yoki yo‘qligini vazirlik saytida tekshirishi kerak.

2020 yilning dekabr oyida Rossiya IIV mamlakat hududida 6,3 million muhojirlar bo‘lib turgani haqida xabar bergan edi. Pandemiyadan oldingi vaqtlarda ularning soni 9 milliondan 11 million orasida edi.