Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) «postkovid holatiga» rasmiy klinik ta’rif berilganini ma’lum qildi. Koronavirus bilan og‘rigan bemorlarning taxminan 10−20% ushbu sindromga chalingan.

BMT saytida ma’lum qilinishicha, JSST vakili Janet Diaz juma kuni Jenevadagi brifingda ushbu sindrom haqida ma’lumot berdi. Uning tushuntirishicha, «cho‘zilgan COVID» deb ataladigan kasallik koronavirus yuqtirgandan keyin taxminan uch oy o‘tgach sezilishi mumkin, uning alomatlari kamida ikki oy davomida saqlanadi. Ushbu holatlarni boshqa tashxislar bilan tushuntirib bo‘lmaydi.

Tibbiyot xodimlari orasida ushbu holat bo‘yicha hozirgacha aniqlik yo‘q edi, bu esa tadqiqotlar va davolashning ketishini qiyinlashtirib turgandi. Endi JSST e’lon qilgan hujjatda «cho‘zilgan COVID» global standartlashtirilgan klinik tashxisini qo‘yish uchun sabablar batafsil tushuntirilgan.

Postkovid sindromining asosiy alomatlari — kuchli charchoq, nafas qisilishi, shuningdek kognitiv disfunksiya belgilarining namoyon bo‘lishi va insonning kundalik hayotiga ta’sir qiluvchi boshqa qator alomatlar. Ular kasallikdan uch oy o‘tib namoyon bo‘lishi mumkin. Ba’zi bemorlarda alomatlarning o‘tkir fazalari orasida bir necha marta vaqtinchalik holat yaxshilanishi kuzatilishi mumkin.

JSST mutaxassislarining ta’kidlashicha, postkovid sindromidan aziyat chekayotgan bemorlarning aksariyati to‘liq sog‘ayishmoqda, biroq ularning ba’zilari «organizmning bir nechta tizimlariga, jumladan o‘pka, yurak-qon tomir va nerv tizimlariga ta’sir bilan bog‘liq uzoq muddatli oqibatlarni» boshdan kechirishmoqda. Bu alomatlar infeksiyaning og‘irlik darajasi qanday bo‘lganligidan qat’iy nazar namoyon bo‘lishi mumkin. Ular o‘rta yoshdagi ayollarda va oldin ham sog‘liq bilan muammosi bo‘lgan shaxslarda ko‘proq uchramoqda.

JSST vakili yangi ta’rif tibbiyot xodimlariga postkovid sindromi bo‘lgan bemorlarni aniqlashga va tegishli davolashni tayinlashga yordam berishiga umid bildirdi.

Cho‘zilgan kovid holatini test qilish mexanizmlari mavjud emas. Buning ustiga, koronavirus bilan og‘rigan ayrim bemorlarda ularning namoyon bo‘lishi sabablari haligacha aniq emas.

«Bu virusning chidamliligidan, mikrotromboz mavjudligidan yoki qon tomir tizimidagi qandaydir muammodan bo‘lishi mumkin, — deya ta’kidladi Janet Diaz, ushbu sohadagi tadqiqotlarni davom ettirayotgan olimlarning ayrim xulosalariga tayanib — bunga autoimmunitet yoki ishlamayotgan immun tizimi bilan bilan bog‘liq muammolar ham ta’sir o‘tkazishi mumkin, bular ham ayrim alomatlarning namoyon bo‘lishiga olib keladi».