O‘zbekiston Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi misning dunyoda hozirgi va kelajakda ishlatilishi haqidagi umumiy sharhini e’lon qildi. Hujjat muallifi — vazirlikning sanoatni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish boshqarmasi boshlig‘i Murodulla Anarboyev.

Sanoat mis konsentratsiyasi taxminan 0,5% bo‘lgan tog‘ jinslarini qayta ishlaydi. Boy rudalar bu 2%, o‘rtacha boylikdagi rudalar 1−2%, past rudalar esa 1%dan kam darajadagi misdan tashkil topadi.

Boyitish jarayoni sulfid shakliga, shuningdek, misning mineral birikmalariga bog‘liq. O‘zbekistonda misning sulfidli shakli va mineral birikmalari 70% dan 85% gachani tashkil qiladi. Buning natijasida, boyitish jarayoni va rudadagi misning miqdori (konsentratsiyasi) 0,345%ni tashkil etadi.

Yakuniy mis mahsulotining tannarxi ko‘p jihatdan rudadagi mis tarkibiga (konsentratsiyasiga) va uning rudadan olinishiga bog‘liq. Tarkibi qanchalik yuqori bo‘lsa, mis ishlab chiqarishda yakuniy mahsulot tannarxi ham shuncha past bo‘ladi. Misning dunyoda o‘rtacha narxi bir tonna uchun — 3200−3500 dollar. O‘zbekistonda misning bir tonnasi — 3800−4200 dollar.

Ishlab chiqarish va foydalanish Misning asosiy global iste’molchisi Xitoy bo‘lib qolmoqda, uning ulushi 2020 yilda 54%ni tashkil etdi. 2020 yilda Xitoyga tozalangan mis importi 4,5 million tonnani tashkil etdi, bu 2019 yilga nisbatan 30% ga ko‘pdir. Mis qoldiqlari importi Xitoyning import qilinadigan chiqindilar sifatini nazorat qilishni kuchaytirish bo‘yicha yangi me’yoriy talablari tufayli 35 foizga kamayib, 0,8 million tonnaga yetdi.

Mis ishlab chiqarishning katta qismi Lotin Amerikasi va Karib dengizi mamlakatlariga to‘g‘ri keladi — 2020 yilda qazib olingan 20,8 million tonnaning 8,5 million tonnasi (40,8%).

Xalqaro ekspertlarning fikricha, 2030 yilga borib, elektromobillar ishlab chiqarish, elektrotexnika va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish hisobiga misga bo‘lgan global talab 40% ga oshadi.

Shu bilan birga, mis qayta tiklanmaydigan tabiiy resurs bo‘lib, yaqin o‘n yilliklar ichida tanqis materiallardan biriga aylanishi mumkin. Ishonchli qazib olinadigan mis zaxiralari, ya’ni qazib olishning iqtisodiy rentabelligini hisobga olgan holda texnika va texnologiyaning hozirgi rivojlanish darajasida ishlab chiqilishi mumkin bo‘lgan zaxiralar atigi 340 mln tonnani tashkil etadi. Agar zaxiralar ko‘paymasa hamda mis qazib olish va ishlab chiqarish texnologiyasi takomillashmasa, qazib olinadigan zaxiralar faqat 2040 yilgacha yetadi.

11 oktabrdagi ma’lumotlar. Manba: elec.ru.

Xalqaro mis uyushmasi (ICA) ma’lumotlariga ko‘ra, misning asosiy qismi binolar qurilishida — 28% va infratuzilma — 28%, og‘ir mashinasozlikda — 11%, transportda — 12% ishlatiladi. Biroq, avtomobilsozlik sanoatida misdan foydalanishni keskin kengaya boshlasa, bu mis ishlab chiqarish sanoatida keskin burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin.

2030 yilga kelib, elektr yo‘lovchi tashuvchi avtomobillar ishlab chiqarish uchun mis iste’moli hozirgi darajani uch barobarga oshiradi. (Xalqaro energetika agentligi prognozlariga ko‘ra, 2030 yilga kelib, dunyoda yuk mashinalari va avtobuslarni o‘z ichiga olgan 145 mln elektromobil bo‘ladi).

Elektromobillarda mis oddiy avtomobillarga qaraganda qariyb to‘rt barobar ko‘p. U elektr motorlarining batareyalari, o‘rashlari va mis rotorlarida, elektr simlarida, avtobuslarda va zaryad infratuzilmasida ishlatiladi. Mashinaning hajmiga qarab ishlatilgan mis miqdori oshadi: elektromobilda ichki yonuv dvigatellik avtomobillarga qaraganda 11−16 barobar ko‘p mis ishlatiladi .

Elektromobillar bozori 3 million tonnadan ortiq misni tashkil qiladi. Mis elektr o‘tkazuvchanligi, chidamliligi va egiluvchanligi yuqori bo‘lganligi sababli, elektromobil uchun muhim element hisoblanadi. Ammo undan ham ko‘proq qismi zaryad stansiyalarida va elektr tarmoqlari infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlashda ishlatiladi. Shamol energiyasi va quyosh issiqlik elektr stansiyalarining rivojlanishida mis ham muhim rol o‘ynaydi. Toza energiyani keng qo‘llash uchun ham mis kerak bo‘ladi.

Kelajakda mis tez elektromobillar uchun quvvatlash stansiyasi yaratilishida yetakchi muhim metallga aylanadi. Tez quvvatlash stansiyalari yordamida elektromobilni to‘liq zaryadning 80 foizigacha 20 daqiqada «zaryadlash» mumkin. Ammo bu qurilmalar faqat mis bilan amalga oshadi.

2030 yilga borib butun dunyo bo‘ylab 20 milliondan ortiq elektromobillarni quvvatlash punktlari joylashtirilishi kutilmoqda, bu esa 2019 yilga qaraganda elektr stansiyalari uchun mis iste’moliga 250% ko‘proq sarflanishiga olib keladi (har bir elektr stansiyasi 0,7 kg misdan va tez elektr stansiyasi 8 kg gacha misdan foydalaniladi).

O‘zbekistonda mis

OKMKning «Yoshlik-1» koni. Prezident matbuot xizmati.

O‘zbekistonda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati negizida mis sanoati klasteri yaratilmoqda. So‘nggi 5 yil ichida respublikada mis ishlab chiqarish hajmi qariyb 1,5 barobar oshdi.

OKMK — yillik mis ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha MDHda uchinchi o‘rinda turadi — 148 ming tonna (Rossiyada — 973 ming, Qozog‘istonda — 500 ming tonna).

Ammo respublikada qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ishlar yetarli emas. Xususan, misning qariyb 60 foizi xomashyo sifatida eksport qilinadi.

Hozirgi kunda OKMK tashqi sotuvining asosiy bozori Turkiya bo‘lib, u yerga tovarlarning 60−70 foizi yetkazib beriladi. Keyingi o‘rinlarda Xitoy, MDH va Sharqiy Yevropa davlatlari turadi. Bundan tashqari, mis mahsulotlarini Qatar, Avstraliya, Indoneziya, Polshaga eksport qilish yo‘lga qo‘yilgan, BAAga yetkazib berishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda va Shimoliy Amerika bozorlari o‘rganilmoqda.

Takliflar

Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi Sanoatni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish boshqarmasi boshlig‘i Murodilla Anarboyev quyidagilarni taklif qilmoqda:

  • misni chuqur qayta ishlash bo‘yicha «O‘zeltexsanoat» uyushmasi va «O‘zavtosanoat» AJ bilan birgalikda Mis klasteri (OKMK) asosida elektromobillar uchun elektr yonilg‘i quyish shoxobchalari ishlab chiqarishni rivojlantirishni tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish (Ma’lumot uchun: hozirda respublika hududida 25 dan ortiq elektr quvvatlash shoxobchalari o‘rnatilgan va yil oxirigacha ular soni taxminan 50 donaga yetadi);
  • Mis klasteri bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun O‘zbekistonda elektromobillar va elektr avtobuslar ishlab chiqarishni tashkil etish masalasini ishlab chiqish;
  • mis ishlab chiqarish hajmi ortishi bilan 400 ming tonnagacha va kelgusi 5 yil ichida misni chuqur qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq tarmoqlar hisobga olinsa, bu ko‘rsatkich 2,5 mlrd dollardan 7−8 mlnd dollarga yetkazish.

23 iyun kuni Enter Engineering va «Uralmashzavod» kompaniyalari Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 2 mlrd dollar qiymatga ega boyituvchi kombinat qurishga kelishib olgan edi. Oldinroq ushbu loyiha SFI Management Group nazoratidagi Renaissance Heavy Industries tomonidan amalga oshirilishi kerak edi, biroq fevral oyida ular loyihadan chiqarib tashlandi.

Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi raisi Bobir Islomov 2017 yil so‘ngida mis zaxiralari 16 mln tonnani tashkil etgan, biroq so‘nggi to‘rt yil ichida geologik razvedka ishlari natijasida mazkur ko‘rsatkich 44 mln tonnagacha oshishini ma’lum qildi.