O‘zbekiston bank sektorida aktivlar sifatining yomonlashuvi xavfining oshishi kuzatilmoqda, deya qayd etgan Fitch Ratings reyting agentligi o‘zining 6 oktabrdagi hisobotida. Agentlik bu tendensiyani kreditlashning tez sur’atlarda o‘sishi, banklar balansining yuqori darajada dollarlashuvi va tashqi moliyalashtirish manbalari ulushining ortishi bilan izohlamoqda.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat banklari «yetilmagan» kreditlarning sezilarli ulushiga ega bo‘lib (ya’ni, kredit berilgan vaqtdan beri uni «yomon» yoki «yaxshi» deb tasniflash mumkin bo‘lgan muddat o‘tmagan), bu kreditlashning o‘sishi va pandemiya sharoitida qarz oluvchilarga bosimni yumshatish maqsadida 2020 yilda joriy etilgan kredit ta’tillari bilan bog‘liq.

«Uzoq muddatli istiqbolda bank sektorining moliyaviy ko‘rsatkichlari aktivlar sifatining dinamikasi, operatsion muhitning barqarorligi, shuningdek, xususiylashtirilishi ko‘zda tutilgan davlat banklarining direktiv kreditlashdan yanada tijoratlashgan biznes modellariga qanchalik muvaffaqiyatli o‘tishiga bog‘liq bo‘ladi», — deb yozmoqda Fitch Ratings.

Sohadagi aktivlar sifatining yomonlashishi xavfi, asosan, so‘nggi yillarda aksariyat davlat banklarida kreditlashning tez sur’atlar bilan o‘sishi va xorijiy valyutadagi kreditlash ulushining, ayniqsa, yirik banklarda, yuqori ekani bilan bog‘liqligi aytilmoqda. Bundan tashqari, banklar uchun majburiy maqsadli kredit berishni nazarda tutuvchi davlat dasturlari bo‘yicha hali ham katta miqdordagi kreditlar berilmoqda, bu esa ba’zi hollarda kredit berish standartlarining zaiflashishiga olib keladi.

Banklar aksariyat hollarda kreditlar bo‘yicha uzoq muddatli imtiyozli davr (uch yilgacha) beradilar, ayniqsa, biznesni boshlash yoki ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadlarida.

Aktivlar sifat ko‘rsatkichlari 2020 yilda pasayib ketgan edi. Fitch Ratings prognozlariga ko‘ra, 2021−2022 yillarda bu ko‘rsatkichning yanada yomonlashi kutilmoqda, sababi bugungi kunga kelib kredit ta’tillari muddati tugadi, ko‘p sonli kreditlar uchun imtiyozli davrlar ham yakuniga yetmoqda. Banklarning zaxiralashgacha bo‘lgan foydasi (ma’lum bir davrdagi daromad miqdori, kelajakdagi umidsiz qarzlarni qoplash uchun ajratilgan zaxira mablag‘lar bundan mustasno), kreditlar bo‘yicha zaxiralar hisobidan xarajatlarning potensial o‘sishi sharoitida, yuqori bo‘lmagan sof foiz marjasini hisobga olib, faqat cheklangan xavfsizlik chegarasini (bufer) ta’minlaydi xolos.

Aksariyat banklarda 2020 yilda qadrsizlangan kreditlar (IFRS bo‘yicha 3-bosqichdagi kreditlar) ulushi ortgan va Fitch ekspertlariga ko‘ra, ularning o‘sishda davom etishi kutilmoqda. Shu bilan birga, banklar ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya munosabati bilan qayta tuzilgan kreditlarning aksariyati 2021 yilning birinchi yarmi oxirigacha grafik bo‘yicha to‘lov davriga qaytdi, bu pandemiyaning aktivlar sifat ko‘rsatkichlariga cheklangan ta’siridan dalolat beradi.

Kreditning qadrsizlanishi — bu bankning kredit shartnomasi shartlari bo‘yicha to‘lanishi kerak bo‘lgan barcha summani ololmasligi ehtimoli yuqori bo‘lganida uning sifatining pasayishi.

2020 yil oxirida yirik banklar tomonidan 3-bosqichdagi kreditlar bo‘yicha zararlar 50−100 foizgacha zaxira mablag‘lari hisobidan qoplangan.

«Ayrim qadrsizlangan kreditlar uchun garov ta’minlanganligi va davlat kafolatlari mavjudligini hisobga olgan holda, buni talab darajasida, deb hisoblaymiz. Shu bilan birga, fikrimizcha, aksariyat banklarning kapitallashuvi aktivlar sifati bo‘yicha xavflarning oshishi, zaxiralargacha bo‘lgan cheklangan foyda va kreditlashning o‘sishiga xohishning yuqori darajadaligi tufayli mo‘’tadil bo‘ladi», — deyiladi hisobotda.

So‘nggi yillarda davlat banklari kredit o‘sishini asosan hukumat yoki tashqi manbalar, xususan, xalqaro moliya institutlari va taraqqiyot banklari tomonidan, ajratilgan yoki jalb qilingan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirdilar. Bu bank tizimidagi mijozlar depozitlarining o‘rtacha hajmi bilan bog‘liq.

Qayta moliyalashtirishga bo‘lgan ehtiyojlar o‘rta muddatli istiqbolda past bo‘ladi, sababi tashqi qarzlarni to‘lash muddati asosan ushbu kreditlar orqali berilgan kreditlarning muddati bilan bog‘liq va ko‘pchilik banklar 2021 yilning to‘rtinchi choragida va 2022 yilda tashqi qarzlarga xizmat ko‘rsatish uchun yetarli likvidlikka ega.

«Shu bilan birga, uzoq muddatli istiqbolda tashqi qarzlarni qaytarish istiqbollari qarz oluvchilar tomonidan berilgan kreditlarga xizmat ko‘rsatishga bog‘liq bo‘ladi va davlat banklari aktivlarning sifati yomonlashgan taqdirda xorijiy valyutadagi likvidlik bilan bog‘liq muammolarga duch kelishi mumkin», — deya qayd etilgan.

2025 yil oxirigacha oltita davlat bankini xususiylashtirish rejalashtirilgan. Agentlikning prognozlariga ko‘ra, banklarning xususiy sektorga transformatsiyasi amalga oshirilishi jarayonida dastlab xalqaro moliya institutlari banklardagi kichik ulushlarni sotib olishlari mumkin, keyin esa davlat nazorat paketlarini strategik investorlarga sotishni rejalashtirmoqda.

Xususiylashtirilishi kutilayotgan barcha banklar direktiv kreditlashdan voz kechib, foiz marjasi va rentabelligini oshirish uchun tijoratlashgan biznes modellarini ishlab chiqqan holda o‘z biznes modellarini o‘zgartirmoqda.

sentabr boshida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov «Ipoteka-bank» davlat ulushining 75 foizini Vengriyaning OTP Bank banki sotib olishini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatlarning bir qismi 29 sentabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan forum doirasida imzolangan, qolgan qismini esa ikki oy davomida imzolash rejalashtirilgan.