Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga tashrifi chog‘ida jurnalistlar bilan ham suhbatdashib, ularning savollariga ham javob berdi, deya xabar berdi Kun.uz nashri.

Davlat rahbari “Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar” temir yo‘li taqdiri haqida gapirdi.

“Bu juda jiddiy masala. Kuni kecha tashqi ishlar vazirimiz Afg‘onistonga borib uchrashuv o‘tkazib keldi, u tomon Termizga keladi, muzokaralarni davom ettiramiz. Afg‘onistonga qanday hukumat kelishidan qat’i nazar xalq manfaatini, iqtisodni o‘ylasa, bu loyiha juda zarurligini anglab yetadi”, — dedi prezident

Uning so‘zlariga ko‘ra, “„Tolibon“ rahbariyati ham bu loyiha amalga oshishiga astoydil roziligini bildiryapti”. “Lekin ular bir muammoga duch kelishyapti — aksariyat davlatlar ularni tan olmay turib, bunday katta ishlarni amalga oshira olmaydi, hech kim moliyalashtirmaydi. Afg‘onistonning zaxira mablag‘lari muzlatilgan, bu mablag‘lar qaytarilib, xalq zaruratiga ishlatilsa yaxshi bo‘lardi”, — deya qo‘shimcha qiladi prezident.

Shavkat Mirziyoyev hozir Afg‘onistonni kundalik muammolar qiynab turgani, aholiga ochlik xavf solayotgani haqida ham aytib o‘tdi.

“Bu davlatda barqarorlik saqlanishi uchun mana shu qishdan eson-omon o‘tib olishlari juda muhim. Machitdagi portlash ham yaxshi signal emas, bu ziddiyatlarni kuchaytiradi. Loyiha taqdiriga kelsak, biz uni albatta amalga oshirish harakatidamiz. Chunki bu temiryo‘l ko‘p davlatlar uchun juda muhim. Loyihaga kirishganimizdanoq ko‘p davlatlar biz uchun tranzit tariflarini kamaytirgani bejiz emas”, — dedi Shavkat Mirziyoyev OAV vakillari bilan muloqot chog‘ida.

Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida “Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar” temir yo‘lini qurish taklif etilgan.

Iyun oyi avvalida prezident jurnalistlar bilan uchrashuvda “Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar” temir yo‘li qurilishining ilk bosqichlari uchun Jahon banki tomonidan 35 mln dollar mablag‘ ajratilishini ma’lum qilgandi.

Shavkat Mirziyoyev SHHT sammitida Afg‘onistondagi gumanitar vaziyatni hisobga olgan holda xorij banklaridagi afg‘on aktivlarini qaytarishni taklif qilgan edi. Gap avgust o‘rtasida “Tolibon” qo‘liga tushmasligi uchun AQSh tomonidan muzlatilgan Afg‘oniston Markaziy bankining milliardlab dollarlari haqida ketmoqda.