Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirus bilan kasallangan 1600 bemor davolanmoqda, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga tibbiyot muassasa bosh shifokori Anvar Xusanov.

2 ming o‘ringa mo‘ljallangan markazda hozir 1 ming 600 nafar bemor muolaja olyapti. Ularning 26 foizi oltmish yoshdan oshgan fuqarolar bo‘lsa, 160 nafarga yaqini bolalardan iborat. Jami bemorlarning 77 foizi o‘rta og‘ir, 20 foizi og‘ir, 3 foizi esa o‘ta og‘ir holatda. Ayni paytda 153 nafar bemor jonlantirish bo‘limida davolanyapti. Kuniga o‘rta hisobda 100−150 nafar bemorni qabul qilib, ularning davolanishi 7−10 kun davom etadi.

Markaz shifokorlarining qayd etishicha, emlash yordamida kasallikka chalinish darajasini yanada kamaytirish mumkin.

“Statistik ko‘rsatkichlardan ham ayonki, og‘ir va o‘ta og‘ir holatdagi bemorlarning katta qismi keksa yoshdagi insonlar. Ularda kasallik asoratlari og‘ir kechishi va tuzalish muddati uzayib ketishi kuzatilmoqda”, — deyiladi xabarda

Qo‘shimcha qilinishicha, ikkinchi salbiy holat COVID-19`ni yuqtirib olayotganlar orasida bolalar soni ham ortib borayotganidir. Ayni kunda Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga kuniga o‘rtacha 25 nafar bola yotqizilayotgani aytildi.

Anvar Husanovning ta’kidlashicha, shu kungacha 117 ming nafardan ortiq bolalar vaksina olishgan. Ularning hech birida nojo‘ya ta’sirlar kuzatilmagan.

SSV xabariga ko‘ra, yil boshidan Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 18 yoshgacha bo‘lgan 3 658 nafar bola COVID-19 tashxisi bilan yotqizilgan. Ularning eng katta qismi, ya’ni 1 263 nafarini 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etadi.

Anvar Husanovning ma’lum qilishicha, kasallangan o‘rta holatdagi bemor muolajasi uchun davlat hisobidan 15 mln so‘mgacha mablag‘ sarflanmoqda.

Bolalar bo‘limi mudiri Hilola Mardonovaning so‘zlariga ko‘ra, bo‘limdagi bolalarning 20−30 foizida virusli pnevmoniya kuzatilmoqda. Yil boshidan buyon 84 nafar bola jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan bo‘lsa, hammasi tuzalib chiqib ketishgan.

“To‘g‘ri, kasallik aksariyat o‘g‘il-qizlarda nisbatan yengil o‘tyapti. Tuzalish muddati ham o‘rtacha 5−7 kunni tashkil etmoqda. Ammo baribir xotirjamlikka berilmasligimiz shart. Shu ma’noda, 12 yoshgacha bo‘lgan bolarning emlanishi imkoniyatdan oqilona foydalanishimiz zarur”, — deya qo‘shimcha qiladi u.

Eslatib o‘tamiz, 1 noyabrgacha O‘zbekiston aholisining 70 foizini koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi.

9 oktabr holatiga O‘zbekistonda jami 22 mln 433 ming 729 doza vaksinadan foydalanilgan. Shu kungacha to‘liq emlangan fuqarolar 5 mln 107 ming 476 nafarni tashkil qilmoqda.

sentabr oyining oxirida O‘zbekistonda 12 yoshdan katta bolalar shifokor ko‘rigidan o‘tgach, ota-onalar va vasiylarining roziligi asosida COVID-19`ga qarshi Pfizer vaksinasi bilan ixtiyoriy ravishda emlanishga ruxsat berilgan edi.