10 oktabr kuni soat 21:00 larda, Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko‘chasida YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda IIV YHXBB axborot xizmati xabar berdi.

Haydovchi 2002 y.t. Sh. N. Lacetti rusumli avtomobilda harakatlanayotib ushbu ko‘chada joylashgan «Anjir» restorani ro‘parasiga yetgan vaqtida boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘l o‘rtasidagi yoritish chirog‘i ustuniga urilgan.

To‘qnashuv oqibatida avtomobilda yong‘in yuzaga kelgan. O‘t o‘chiruvchilar tomonidan yong‘in bartaraf qilingan. Hodisa natijasida haydovchi Sh. N. va bir nafar yo‘lovchi vafot etgan. 2 nafar yo‘lovchilar tan jarohati bilan shifoxonaga olib ketilgan.

Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi TB va YHXB xodimlari tomonidan dastlabki surishtiruv harakatlari olib borilib, YTH sodir bo‘lish sabablariga aniqlik kiritilmoqda.