O‘zbekiston va Turkiya hukumatlari sog‘liqni saqlash sohasida grant yordami to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar bermoqda.

Bitimga ko‘ra, Turkiya O‘zbekistonga 200 ming dozada COVID-19 vaksinasini, shuningdek, 20 ming quti «Favipiravir» dori-darmonlarini yuboradi. Ushbu vaksina Sinovac bo‘lishi kutilmoqda, deb «Gazeta.uz»ga SSV matbuot kotibi Furqat Sanayev ma’lum qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, preparatlar yaqin kunlarda yetkazib beriladi.

O‘zbekiston nomidan bitimni mamlakatning Turkiyadagi elchisi Alisher Agzamxo‘jayev, Turkiya nomidan — sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Xalil Eldemir imzoladi.

Vaksinalar va dorilarning bu partiyasi do‘stlik va xayrixohlik belgisi sifatida Turkiya tomonidan O‘zbekistonga yuboriladi.

Turkiyadan O‘zbekistonga aynan qaysi turdagi vaksina yuborilishi haqida ma’lumot berilmagan.

24 sentabr kuni O‘zbekistonga ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining yana 2 mln 499 ming 668 dozasi olib kelingan edi. Jami vaksina zaxirasi 26 mln 754 ming 208 dozani tashkil qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 1 noyabrgacha O‘zbekiston aholisining 70 foizini koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi.

9 oktabr holatiga O‘zbekistonda jami 22 mln 433 ming 729 doza vaksinadan foydalanilgan. Shu kungacha to‘liq emlangan fuqarolar 5 mln 107 ming 476 nafarni tashkil qilmoqda.