Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / “Gazeta.uz”
Butun shahar – o‘yin maydonchasi
Shahardagi faol dam olish odamlarni qanchalik yaqinlashtirmoqda
Shahar sport bilan shug‘ullanish va do‘stlar bilan vaqtichog‘lik qilish uchun eng yaxshi joy. Aholining faolligi joylarni o‘zgartiradi va ularga hayot bag‘ishlaydi. “Gazeta.uz” fotomuxbiri Yevgeniy Sorochin toshkentliklar qanday qilib ko‘cha-ko‘yda dam olib, mashg‘ulot o‘tkazayotganini kuzatdi.
Ulug‘bek Mirsharipov
skeytbordda uchadi
Men skeytbordda uchish bilan 2000-yillardan beri shug‘ullanaman. O‘sha vaqtlarda smartfon va Internet yo‘q edi. Televizorda “Yeralash”dan boshqa hech narsa ko‘rsatilmasdi, shuning uchun biror narsaga chalg‘ib, o‘zimni band qilishim kerak edi. Skeyt – bu maksimal va cheksiz ifoda erkinligidir. Mana siz, sizning bir juft poyabzalingiz, to‘rt g‘ildirakli taxtachangiz va butun shahar sizning o‘yin maydonchangiz.

Skeyterlarning maʼlum bir qismi “Kosmonavtlar”da uchishadi. Kimgadir “Jasorat” yodgorligi, boshqalarga «Humo Arena» oldida uchish qulayroq.
Mening eng sevimli joyim – “Kosmonavtlar”. Skeyterlar bu yerda 1980-yillardan beri uchishadi – menga buni otam aytib bergan. O‘sha vaqtlarda hatto taxtachalar ham boshqacha bo‘lgan ekan. Odamlar bu joyni shunchaki tanlashmagan: bu yerga mashinalar kirmaydi, Ichki ishlar vazirligi himoyani kafolatlaydi. Bu nimanidir sindirib qo‘yishdan qo‘rqmasdan uchish uchun ham eng yaxshi joy, chunki uning yuzasi marmar bilan qoplangan. Biz o‘z shahrimizni yaxshi ko‘ramiz, shuning uchun undan foydalanishda unga zarar yetkazishni xohlamaymiz. Marmar esa mustahkam material.
реклама
реклама
“Kosmonavtlar” – mening sahnam. Men shu yerda boshlaganman. Va qachondir tugatmoqchi bo‘lsam, shu yerda yakunlayman. Bu joyning o‘z tarixi va madaniyati bor: bu yerga kelasan hamda g‘ildirakli taxtacha bilan, shu odamlar bilan va shu joy bilan boshingdan nelar kechganini anglab yetasan.

Hech bo‘lmaganda kunora uchishga harakat qilaman. Qachonlardir boshlagan “keksalar” va shogirdlarim bilan birga bo‘laman. Men bilan uchishni boshlagan barcha bolalar haligacha davom ettirishmoqda. Ko‘pchilik ijodiy faoliyat bilan ham shug‘ullanadi, chunki bu yerdagi muhit ularga juda mos.
Ota-onalar ishdan keyin bolalarini bu yerga olib kelishlari mumkin. Bola eng kamida 6 yoshda bo‘lishi kerak. Bizda yosh iqtidorli yigitlar bor, ular doim maslahatlari bilan yordam berishadi. Bizning hamjamiyatimiz juda sodiq. Bizning homush qiyofamiz – bu o‘zimiz bilan kurash, xolos.

Inventarni ijaraga olib bo‘lmaydi, chunki har kimning o‘ziga xos minish uslubi, o‘z xohish-istaklari va o‘z oyoq o‘lchami bor. Skeyting madaniyati o‘z ichida juda rivojlangan. Bu yerda ko‘plab yo‘nalishlar mavjud, ularning har biri maʼlum bir o‘lcham, sifat, vazn va boshqa parametrlarga ega taxtachani maʼqul ko‘radi. Boshlovchi skeyter uchun ilk inventar 150-250 dollarga tushadi. Skeytbordning yuqori qismi tez-tez almashtirib turiladi. Bu zararli odatlardan ko‘ra qimmatroq, lekin ancha yaxshiroq.
Lyubov Yakovleva
78 yosh
bo‘g‘im gimnastikasidan saboq beradi
Men “Ekopark”da bo‘g‘im gimnastikasi bilan shug‘ullanaman. Bizning guruhimiz «Ekopark pingvinlari» deb ataladi. Yilning issiq vaqtlarida mashg‘ulotlar toza havoda o‘tkaziladi, qishda esa 51-maktabning sport zaliga qatnaymiz. Mashg‘ulotlarimiz har kuni ertalab 6 da o‘tkaziladi. Har kuni qatnaymiz, shuning uchun bizning na shanbamiz, na yakshanbamiz bor.

Pandemiya vaqtida park yopilib, jamoat transporti harakatlanmagan vaqtlarda biz Salar bo‘yida mashq qildik. U yerga piyoda borib-kelishga to‘g‘ri keldi. Birinchi kunlari shunchalar qiynaldikki, hatto men bilan birga qatnagan sherigim turmush o‘rtog‘idan meni uyimga eltib qo‘yishni iltimos qildi. Men o‘shanda albatta shug‘ullanish, albatta o‘zimiz ustimizda ishlashimiz kerakligini aytdim.
Endi men mashg‘ulot joyigacha o‘zim piyoda borib-qaytyapman. Bu kuniga 7 kilometrdan ko‘proq degani. Yurganim uchun kuniga 3 ming so‘m o‘tkazishyapti. Bir marta 255 ming so‘m yechib oldim.

Jismoniy faollik – bu ham sport. Agar hammasi tashkillashtirilgan bo‘lsa, odamlar shug‘ullanishadi. Qayerga borsam ham, mashg‘ulotlarimiz haqida so‘zlab beraman. Bizda ular bepul. Odamlar ko‘pincha ishonishmaydi, lekin men shu yerda va 51-maktabda bo‘g‘im gimnastikasidan saboq beraman, shuni aniq ayta olaman.

Mashg‘ulotlar uchun inventarlar shart emas. Baʼzi hollarda karemat (maxsus to‘shak – tarj.) kerak bo‘lib qolishi mumkin. Qishki mashg‘ulotlar uchun esa maktabning sport zalida oyoq kiyimini almashtirishga to‘g‘ri keladi. Boshqa hech narsa kerak emas.
реклама
реклама
Menga saboq berish yoqadi. Ovozim juda yaxshi, avval 29-maktabda bolalarga nemis tilidan dars o‘tganman. Undan tashqari, o‘zbek tilini bilaman, mashg‘ulotlarimizga ko‘plab o‘zbek ayollari ham kelishadi.

Avvallari 50 yoshda ular endi qaridik va hech narsa qilolmaymiz, deyishardi, hozir esa 60 yoshda o‘zlarini yosh deb hisoblashadi. Bir oy avval qo‘llarini ham ko‘tara olmagan ayollar bor, ularning tizzalari og‘rir, qiynalib yurishardi. Lekin mashg‘ulotlarning ularga yordami tegdi. Bu meni ilhomlantiradi.
Ayrimlar Chilonzorda yashashadi. Bu yerga kelish ularga uzoqlik qiladi. Ularga: «Keling, telefonga yozib oling va uyda shug‘ullanishni boshlang», – deyman. Biroq ular xohlashmaydi.

Bir yigit keksa yoshli insonni aldamoqchi bo‘libdi. Uning kaftida qushcha bor edi. U keksa insondan qo‘lidagi qushning tirik yoki o‘lik ekanini so‘rashga qaror qilibdi. Agarda qariyaning javobi tirik bo‘lsa, qushchani kafti bilan siqib o‘ldirar, o‘lik desa, qo‘lini ochib, qushchani uchirib yubormoqchi bo‘ladi. Yigit keksaga savolini berganida u shunday deb javob beribdi: «Hammasi sening qo‘lingda, o‘g‘lim». Men ham hammaga barchasi o‘z qo‘lingizda, deb aytaman.
Sherzod
ping-pong o‘ynaydi
Men ping-pong o‘ynashni o‘tgan yili Happy Summer bolalar oromgohida zerikkanimdan boshladim. Keyinroq qiz-o‘rtog‘imning ham stol tennisi bilan shug‘ullanishini bildim va bu shunchaki o‘yindan raqobatgacha o‘sib bordi. Hozir biz har dam olish kunlari “Ekopark”da bir-ikki soatdan o‘ynaymiz.

Ping-pong menga jo‘shqinlik beradi va men uni yaxshi o‘ynayman.U meni qiz-o‘rtog‘im bilan yaqinlashtiradi. Ikkimizning voleybolga o‘xshash boshqa umumiy sevimli mashg‘ulotlarimiz ham bor, biroq u buni yaxshiroq o‘ynaydi. Ping-pong – ikkimiz uchun ham uyg‘un, yengil, tezkor, qiziqarli va jo‘shqin sport.
Biz har doim “Ekopark”da o‘ynaymiz, chunki o‘yingacha va undan keyin “M-1” mavzesi bo‘ylab sayr qilamiz. Avvallari Hamid Olimjon metro bekati yaqinida o‘ynardik. U yer sokin edi va bizga yoqardi. “M-5”da ham o‘ynash mumkin, deyishadi. Boshqa joylardan farqli ravishda, u yerda stol zarg‘aldoq (to‘q sariq) rangda, shuning uchun o‘sha yerda o‘ynashimiz kerak. “Bodomzor”da esa professional seksiya bor. U yerning stollari tekis, raketka va koptokchalari yaxshi. Ko‘p joylarda stollari singan, raketkalarining rezinalari ko‘chgan bo‘ladi. Biroq hamma joyga o‘z raketkangizni olib borishingiz ham noqulay.
Matnni Sabina Bakayeva tayyorladi
Fotosuratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin
Materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. www.gazeta.uz saytiga joylashtirilgan va “Gazeta.uz”ga tegishli foto-, grafik va boshqa materiallardan uchinchi shaxslar tomonidan har qanday ko‘rinishda foydalanish taqiqlanadi.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi, u haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting