Tokioda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida dzyudochi Davlat Bobonov -90 kg vazn toifasida kurashib, O‘zbekiston uchun bronza medalini yutgan edi. Sportchining ustozi, dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi O‘ktam Rahmonov «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida murabbiylarning sportchilar hayotidagi o‘rni, nega erta yoshda murabbiy bo‘lganligi, shogirdlarida ko‘rmoqchi bo‘lgan insoniy hislatlar va Olimpiada musobaqasining ahamiyati haqida gapirdi.

Foto: O‘ktam Rahmonovning shaxsiy arxividan (o‘rtada — O‘ktam Rahmonov).

— Qanday qilib murabbiy bo‘lgansiz va nega murabbiy bo‘lishni xohlagansiz?

— Men yoshligimda Samarqanddagi Olimpiya zaxiralari sport kollejida o‘qiganman. Yoshlar o‘rtasida dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lganman, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi davlatlarda o‘tgan xalqaro turnirlarda yutganman, sovrindor bo‘lganman. Murabbiy bo‘lishimga oilaviy sharoit ham sabab bo‘lgan. Otam vafot etdi, o‘zimda jarohatlar bo‘ldi, shundan keyin yoshroq vaqtimda murabbiy bo‘lishga majbur bo‘lganman.

— Murabbiy bo‘lmaganingizda, nima bilan shug‘ullanardingiz?

— Murabbiy bo‘lmaganimda, menimcha, oilaviy sharoitdan kelib chiqib tadbirkor bo‘lardim.

— Ko‘plar murabbiyni oila a’zosi yoki ota-onalarga tenglashtiradi, rostdan ham shundaymi?

— Bir shogirdni yoshlikdan qabul qilib olgandan keyin, uni Olimpiya o‘yinlariga olib chiqquncha juda katta mashaqqati bo‘ladi. Yutqazgan vaqtda siqiladi, har bir narsaga shogirdga yo‘l topib berib, qiyinchilik paytida to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, har tomonlama ustoz-shogird aloqalarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ysa o‘zining ota-onasi, oilasi darajasida bo‘lmasa ham, eng yaqin insoni bo‘lib qoladi, menimcha. Shuning uchun ko‘plar murabbiyni oila a’zosi yoki ota-onalariga tenglashtiradi, deb o‘ylasa kerak.

— Sizning shogirdlaringiz qanday qoidalarga rioya qilishi kerak? Ushbu qoidalar qanchalik qat’iy?

— Sportchining o‘z qonun-qoidasi bor. Buni hamma murabbiylar o‘z shogirdlariga uqtiradi.

Birinchi navbatda, kundalik rejim. Ertalab nechida turishi, mashg‘ulotlari, vaqtida dam olishi va ovqatlanishiga e’tibor qaratish kerak. Sportchining kundalik rejimi bor, shunga rioya qilishi kerak. Haqiqatanam Olimpiada o‘yinlari yoki Jahon chempionatini yutmoqchi bo‘lgan sportchi juda ko‘p narsalardan voz kechishi kerak. Men ham shogirdlarimga qat’iy oldiga qo‘yaman.

Ko‘chada har xil bolalarga qo‘shilmaslik, u-bu joyga borishlar — bu sportchiga umuman keraksiz narsalar. Hamma murabbiylar qatori men ham shogirdlarimga asosiy maqsad — Jahon chempionati, Olimpiya o‘yinlari — yo‘lida boshqa yo‘lakchalarga burilmaslikni aytaman. Maqsad bitta va shu maqsad sari olg‘a qadam qo‘yish kerak, boshqa narsalarga e’tibor bermaslik kerak.

Foto: O‘ktam Rahmonovning shaxsiy arxividan (chapdan uchinchi — O‘ktam Rahmonov).

— G‘alaba qozonish uchun sportchi qanday xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak?

— G‘alaba qozonish uchun sportchi birinchi navbatda ham jismonan, ham ruhan o‘zining tanasini tayyorlay olishi kerak. Xususiyatlarga keladigan bo‘lsak, haqiqiy o‘z ona yurtini, Vatanini, ota-onasini, prezidetini, xalqini xalqaro maydonda himoya qilayotganini his qilib turishi kerak. Albatta, shu narsalarni his qilgan odam, «men yutishim kerak, maqsad bitta», deydigan sportchi, o‘zining qilgan mashg‘ulotini, rejimini qat’iy qilib, musobaqaga borgan sportchi, menimcha, yutqazmaydi.

— Sportchida chempionni darhol payqash mumkinmi yoki bu vaqt davomida bilinadimi? Bu tug‘ma iqtidormi (talant) yoki uni rivojlantirsa bo‘ladimi?

— Sportchi birinchi zalga kelgan vaqtdayoq uning iqtidorini payqasa bo‘ladi. «Bo‘ladigan bola boshidan ma’lum», degan maqol bor xalqimizdi. Unda xarakter bo‘lsa, qiyinchiliklarga bardosh beradigan bo‘lsa, iqtidori bo‘lmagan taqdirda ham o‘z ustida ishlab, haqiqiy mehnat evaziga ham kuchli sportchi chiqarsa bo‘ladi. Bunda faqat sport xarakteriga ega bo‘lishi kerak. Har bir insonda har xil bo‘ladi: kimdadir kuchliroq, kimdadir esa zaifroq bo‘ladi. Iqtidori bo‘lib xarakteri bo‘lmasa yoki mehnatsevar bo‘lib turib, unda xarakter bo‘lmasa ham kuchli sportchi bo‘lmaydi.

Mening fikrimcha, chempionni darhol payqash mumkin, lekin haqiqiy Olimpiadaga borib, medal olib, chempion bo‘lish uchun yoshligidan ham iqtidorli bo‘lishi kerak, ham tug‘ma iqtidor va asosiy kerakli bo‘lgan narsa, bu — xarakter bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman.

— Qisqacha, ikki so‘z bilan aytganda, shogirdlaringiz sizni qanday so‘zlar bilan ta’riflashgan bo‘lardi.

— Shogirdlarim «ustozimiz yaxshi inson», deb aytishlarini xohlayman. Shunday eslashsa menga kifoya bo‘ladi.

Foto: O‘ktam Rahmonovning shaxsiy arxividan (chapdan ikkinchi — O‘ktam Rahmonov).

— Murabbiy sifatida o‘z shogirdingizga o‘zining eng yaxshi iqtidorlari va qobiliyatlarini ochishga qanday yordam berdingiz?

— O‘z shogirdingiz bilan o‘n yillab ishlab, xalqaro musobaqalar, Olimpiya o‘yinlarigacha bo‘lgan musobaqalarda ishtirok etganingizdan keyin, uning qanday xarakterga ega, uning qanday iqtidori, imkoniyatlari borligini bilasiz. Shundan kelib chiqib har bir shogirdlarimizni musobaqaga chiqishidan oldin ruhan tayyorlaymiz, raqibni o‘rganamiz. Musobaqa kuni qobiliyati, iqtidorini ochishga, ruhlantirishga harakat qilamiz.

Olimpiada musobaqasidan oldin shogirlarimga «sen 12 yillab kutding, 15 yillab mehnat qilding, bugun shu narsalarni ochib beradigan, hamma qirralaringni ochib, o‘z imkoniyatingdan ham ko‘proq narsalarni ko‘rsatadigan kuning. Balki bu sening oxirgi olimpiadang bo‘lishi mumkin. Keyingi olimpiada bundan 4 yil o‘tib bo‘ladi. Shu vaqt ichida har narsa bo‘lib ketishi mumkin», deb aytdim.

— Olimpiadadan oldin shogirdingizga qanday motivatsiya berdingiz? Ularni hal qiluvchi jangdan oldin qanday yo‘naltirdingiz?

— Olimpiada — sportning eng cho‘qqisi hisoblanadi. Har 4 yillikning eng nufuzli musobaqasi.

Har bir tatamiga chiqishdan oldin birinchi navbatda shogirdlarga «xalqimiz qarab turibdi. Ota-onang, prezident, hammaning e’tibori bizda turibdi. Bu joyda o‘zingni ko‘rsatmasang, qachon ko‘rsatasan yana? Bugun sen kurashishing kerak, medal olib, butun O‘zbekistonni xursand qilishing kerak», deb kayfiyatini, ruhiyatini ko‘tarish uchun shunday so‘zlarni aytganmiz. Sportchi tatamiga chiqib ketgunga qadar «bo‘ldi, men yutaman», degan fikrni nigohidan sezguncha shunday gaplarni gapirib turdik. Shu narsalar ham foyda berdi, deb o‘ylayman. Kimlargadir omad yetishmadi. Kimlar uchundir qur’a natijalari yaxshi bo‘lmadi. Umumiy olganda olimpiadada hamma sportchilar, o‘g‘il bolalar birincha marta ushbu musobaqada qatnashishi edi. Ularda olimpiada tajribasi yetishmasligi hisobiga ham medalsiz qoldi, deb o‘ylayman.

— Shogirdingiz Olimpiada medalini qo‘lga kiritganda, nimalarni his qildingiz?

— Birinchi navbatda, butun xalq bizni qo‘llab-quvvatlab, ularning hayajoni, xursandchiligini, qolaversa, shogirdim quchoqlagan vaqtda ko‘p narsani his qildim. Hammasini tushuntirib berolmayman. Lekin ichimdan o‘tgan narsalarni o‘zim bilaman. Butun xalqni qo‘llab turganini his qildim.

Foto: O‘ktam Rahmonovning shaxsiy arxividan.

— G‘alaba — juda ehtirosli on, uni qanday boshdan kechirish haqida maslahatlar bormi? Mag‘lubiyatnichi?

— Biz shogirdlarimizga hamma vaqt tushuntiramiz, g‘alaba bilan mag‘lubiyat yonma-yon yuradi, deb. «G‘alaba qozonganda ham o‘zingni yo‘qotma, nojo‘ya harakatlarni qilmagin. Mag‘lubiyatga uchraganda ham tushkunlikka tushmagin, hali oldinda imkoniyatlar bo‘ladi», deymiz. Yana musobaqalar bo‘ladi. G‘alabani qanday bosiqlik bilan qabul qilsa, Xudo undan keyingi g‘alabalarini ham beradi. Mag‘lubiyat qanchalik alamsi bo‘lsa ham odam o‘zini bosib olib, qabul qilishi kerak.

— Endigi rejalaringiz qanday? Parij-2024ga tayyorgarlik ko‘riladimi?

— Men murabbiy sifatida Olimpiya o‘yinlarida birinchi marta ishtirok etdim. Sportchilarni qanday tayyorlash kerakligi bo‘yicha juda ko‘p tajriba oldim… Menimcha, faqat sportchilar emas, murabbiylar ham Olimpiadada faqat ishtirok etishni emas, oltin medal olish, eng kamida qandaydir medal olishni maqsad qilishi va shu maqsad bo‘yicha ishlashi kerak. Bundan keyin Parij-2024 ga shogirdlarni tayyorlaydigan bo‘lsak, faqat oltin medalga harakat qilamiz.

— Qanday shogirdingiz bo‘lishini xohlardingiz?

— Men har tomonlama ilmli, aqlli, ota-onasini hurmat qiladigan, el-yurtini, o‘z xalqini sevadigan, to‘g‘ri so‘z shogirdim bo‘lishini xohlardim. Sportda kuchli bo‘lishi mumkin, chempion bo‘lishi mumkin, lekin u ilm, aqliy taraflama yetuk bo‘lmasa unda zaif bo‘ladi. Shunaqa shogirdim bo‘lishini xohlardim. Ham ilmli, aqlli, ham yuksak natijalarga erishgan shogirdim bo‘lishini xohlardim.

Oldinroq «Gazeta.uz» taekvondochi Ulug‘bek Rashitovning murabbiyi Pavel Xan, bokschi Bahodir Jalolovning murabbiyi Rahmatjon Ro‘zioxunov, og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayevning murabbiyi Bahrom Mendibayev hamda erkin kurashchi Bekzod Abdurahmonovning ustozi Olim Hikmatovlar bilan intervyularni e’lon qilgan edi.