Jenevada bo‘lib o‘tgan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashining (BMT IHK) 48-sessiyasida O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan COVID-19 pandemiyasining yoshlar huquqlariga ta’siri to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilindi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjatni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo 47 davlatning barchasi bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi, deya qayd etdi vazirlik. Rezolyutsiyani ishlab chiqish yakunlari bo‘yicha BMT tizimidagi barcha mintaqaviy guruhlarni ifodalovchi 37 mamlakat uni qo‘llab-quvvatladi va hammuallif sifatida qo‘shildi.

«Hujjat davlatlarni yoshlar uchun teng imkoniyatlar yaratishga, COVID-19 pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish nuqtai nazaridan ularning huquq va erkinliklarini ta’minlashda ko‘maklashishga chaqiradi. Rezolyutsiya shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari tomonidan global pandemiyaning yoshlar huquqlariga ta’sirini kamaytirish yo‘llarini batafsil tadqiq etish, shu jumladan, inson huquqlarini ta’minlashda yoshlarning, xususan yosh ayollar va qizlarning kamsitilish holatlarini aniqlash bo‘yicha qaror qabul qiladi», — deya aniqlashtirdi TIV.

Hujjat (pdf) BMT tizimida rasmiy barcha oltita tilda joylashtirilgan.

Qabul qilingan rezolyutsiyaning ijrosi to‘g‘risidagi hisobot 2022 yilning sentabr oyida IHKning 51-sessiyasida tinglanadi.

Pandemiyaning yoshlar huquqlariga ta’siri to‘g‘risidagi rezolyutsiyani ishlab chiqish va qabul qilish g‘oyasini Shavkat Mirziyoyev shu yilning fevralida bo‘lib o‘tgan IHTning 46-sessiyasida bildirgan edi.

O‘tgan yili O‘zbekiston ilk bor uch yil muddatga BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylangan edi.