Avvalroq, Davlat ekologiya qo‘mitasi «Navoiyazot» korxonasi qudug‘idan sanoat chiqindilarining Zarafshon daryosiga tashlanganini aniqlagani haqida yozgan edik. Natijada, xavfli moddalarning ruxsat etilgan konsentratsiyasi bir necha bor oshib ketishi baliqlarning ommaviy zaharlanishiga olib kelgan.

«Navoiyazot» AJ matbuot xizmati korxonaga qarashli 267-quduqdan (1-tashlama) daryoga hayot uchun xavfli moddalar chiqarilganiga oid xabarga munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, jamiyat qariyb 60 yildirki, ishlab chiqarish jarayonlari bilan birga ekologiya va atrof-muhit muhofazasi masalalari bilan muntazam ravishda shug‘ullanib kelayotgan korxona hisoblanadi.

«Korxonaga qarashli 267-quduq tarkibida ishlab chikarish maydonlaridan yomg‘ir oqava suvlaridan iborat, asosan sovutuvchi suv aylanish tizimi va isitish qozonlarida texnologik rejimga asosan va ekologik talablarga javob beradigan tashlanma suvlardan laboratoriya tahlillari olinib keyinchalik Zarafshon daryosiga yuboriladi», — deyiladi xabarda.

Ma’lum qilishinicha, «Navoiyazot»da uch yirik investitsiya loyihalari ishga tushirilganligi evaziga ekologik jihatdan xavfi yuqori bo‘lgan ammiak, azot kislotasi 1−2 navbat ishlab chiqarishi, organik sintez ishlab chiqarishining bir necha sexlari (atsetilen, nitril akril kislotasi) ish faoliyati to‘xtatilgan va ifloslantiruvchi moddalarni atmosfera, suv havzalariga tushishi kamayishiga erishilgan.

Ta’kidlanishicha, «so‘nggi davrda oqava suvlarning sifatining dinamikasi o‘zgarishlarsiz» bo‘lgan. «Navoiyazot joylashgan hududda uning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish maqsadida tabiatni muhofaza qilish, xomashyo va energiya resurslarini tejash, atrof-muhitga zararli moddalarning chiqishini kamaytirishga ko‘maklashuvchi tashkiliy-texnikaviy chora-tadbirlar doimiy ravishda ishlab chiqilmoqda va bajarilmoqda», — deyiladi munosabatda.

Zarafshon daryosi nafaqat «Navoiyazot» AJ tomonidan, balki viloyatning turli sanoat va boshqa ishlab chiqarish komplekslaridan, shu jumladan baliqchilik xo‘jaliklaridan hosil bo‘lgan barcha oqava suvlarini qabul qiluvchi xavza hisoblanishi qo‘shimcha qilingan.

Qolaversa, hozirgi paytda «Navoiyazot» mutaxassislari viloyat ekologik nazorati mutaxassislari bilan birgalikda barcha okava suvlarning nazorat taxlillarini olib bormoqda hamda jamiyat rahbariyati tomonidan joyida tegishli choralar ko‘rilayapti.

Davlat ekologiya qo‘mitasi xabarida, mazkur korxonaga tegishli quduqdan daryoga chiqarilgan moddalar belgilangan me’yorlardan bir necha barobarga yuqoriligi, jumladan, azot ammoniy (21 barobar), azot nitrat (2,6 barobar), azot nitrit (60 barobar), xloridlar (1,3 barobar) va mis ionlari (2,1 barobar) borligi aytilgan edi.