Turkiya O‘zbekistonga 200 ming doza Sinovac vaksinasini yetkazib beradi

Turkiya O‘zbekistonga 200 ming dozada Sinovac vaksinasini, shuningdek, 20 ming quti “Favipiravir” dori-darmonlarini yetkazib beradi. Vaksinalar va dorilarning bu partiyasi do‘stlik va xayrixohlik belgisi sifatida Turkiya tomonidan O‘zbekistonga yuboriladi.

“Navoiyazot” zaxarli moddalarning Zarafshon daryosiga oqizilgani bo‘yicha ayblovni rad etdi

“Navoiyazot” koxonasi baliqlarning ommaviy zaharlanishiga sabab bo‘lgan sanoat chiqindilarining Zarafshon daryosiga tashlangani yuzasidan munosabat bildirdi. Ta’kidlanishicha, “so‘nggi davrda oqava suvlarning sifati o‘zgarishlarsiz” bo‘lgan. “Tashlanma suvlardan laboratoriya taxlillari olinib keyinchalik Zarafshon daryosiga yuboriladi”, — deyiladi xabarda.

Aholidan ortiqcha hujjat talab qilgan 9 ta vazirlik va idora rahbar xodimlari javobgarlikka tortildi

Adliya vazirligi davlat xizmatlarini ko‘rsatishda aholidan ortiqcha hujjat talab qilgan — Bandlik va mehnat munosabatlari, Innovatsion rivojlanish hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, Davlat ekologiya qo‘mitasi, 3 ta agentlik va 2 ta inspeksiyaning rahbar xodimlarini jarimaga tortdi. Qolaversa, davlat idoralarning 38 nafar ma’sul xodimiga intizomiy jazo qo‘llanildi.

Rossiyada ishlash huquqini beruvchi patent uchun tibbiy ko‘rik Toshkentda o‘tkaziladi

Rossiyada ishlash huquqini beruvchi patentni olishda talab etiladigan tibbiy ko‘rik Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan O‘zbekistonda o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan Rossiyaning 40 nafar tibbiyot xodimi Toshkentga keldi.

Toshkentda xonadonlardan birida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 1 kishi halok bo‘ldi

Yangihayot tumanida joylashgan uylarning birida yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in oqibatida uyning taxminan 20−25 kv.m maydonda shift va ichki qismi yonib zararlangan. Yong‘in oqibatida 6 fuqaro qutqarib qolindi, 1 kishi halok bo‘ldi.

BMT IHK yoshlar huquqlari bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qildi

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan COVID-19 pandemiyasining yoshlar huquqlariga ta’siri to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi.

“Yagona maqsadimiz — O‘zbekistonga Afg‘onistondan o‘q otilmasin” — prezident

Shavkat Mirziyoyev har kuni unga Afg‘oniston bilan chegaradagi vaziyat haqida ma’lumot berishlarini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston jafokash afg‘on xalqiga qo‘lidan kelgancha yordam berishga tayyor. “Bizning yagona maqsadimiz — O‘zbekistonga Afg‘onistondan o‘q otilmasin”, — deya ta’kidladi prezident.

“Qashqadaryo aholisi haligacha paxtani bukilib, qo‘l mehnati bilan teradi” — Shavkat Mirziyoyev

O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev qashqadaryoliklar haligacha paxtani qo‘l mehnati bilan terishiga e’tibor qaratdi. Nomzod o‘z dasturida keyingi besh yilda 40% qishloq xo‘jaligi texnikalarini yangilab, mexanizatsiya darajasini 90%ga yetkazish rejalashtirilganini ta’kidladi. Shuningdek, u qishloq xo‘jaligi texnikasi xaridi uchun subsidiyalar ko‘lamini ham ko‘paytirishni taklif qildi.

Sud Guliston tumani hokimi o‘rinbosarini firibgarlikka suiqasd uchun jarimaga tortdi

Sud aprel oyida 400 dollar olayotganda ushlangan Guliston tumani hokimining sobiq o‘rinbosarini firibgarlikka suiqasdda aybdor deb topdi. U 73,5 mln so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

Bayram kunlari yakshanbaga to‘g‘ri kelsa, dushanbani ham dam olish kuni deb e’lon qilish taklif etildi

Deputatlar bayram munosabati bilan dam olish ishlanmaydigan kunga to‘g‘ri kelsa, dam olish kunini bayramdan keyingi kunga ko‘chirishni taklif qilishdi. Mehnat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, qonunchilikda belgilangan bayram kunlari agar yakshanba kuniga to‘g‘ri kelsa, unda dushanba kuni dam olish kuniga qo‘shib beriladi.

“Qamoqxonalarda qiynoq holatlarini deyarli uchratganim yo‘q” — Ombudsman

Inson huquqlari bo‘yicha vakil Feruza Eshmatova 9 oy ichida qamoqxonalarga 120 ta monitoring tashriflari amalga oshirilganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, monitoring davomida qamoqxonalarda “qiynoq holatlari deyarli uchramagan”. “Shu paytgacha ularning hech qaysisidan „meni bu qiynayapti“, „urdi“ yoki qanaqadir „ruhiy tazyiq, bosim, qiynoqlar o‘tkazayapti“ degan murojaat bo‘lmadi”, — deydi ombudsman.

O‘zbekiston Google kompaniyasidan olti marta kontentni o‘chirishni so‘ragan

So‘nggi 10 yil ichida O‘zbekiston davlat idoralari Google kompaniyasiga kontentni o‘chirish bo‘yicha 6 marta so‘rov yuborgan. Taqqoslash uchun: bu davr mobaynida Rossiya Googlega 123 mingdan ortiq marta murojaat qilgan.

Boks. Shahram G‘iyosov va Hasanboy Do‘smatov terma jamoaga qaytishdi

Serbiyada bo‘lib o‘tadigan boks bo‘yicha jahon chempionatida qatnashadigan O‘zbekiston terma jamoasi tarkibi e’lon qilindi. Yakuniy ro‘yxatda professional bokschilar Shahram G‘iyosov va Hasanboy Do‘smatov ham bor.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

“Prezidentlikka nomzodlar o‘rtasida raqobatli kurash kuzatilmadi”. YeXHT DIIHBning oraliq hisoboti

YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi O‘zbekiston prezidenti saylovini kuzatish missiyasining oraliq hisobotini e’lon qildi. Missiya xulosalari: shu paytgacha nomzodlar o‘rtasida raqobatli kurash bo‘lmadi, saylovoldi kampaniyalarida dominant mavzular yo‘q va boshqalar.

Butun shahar — o‘yin maydonchasi. Shahardagi faol dam olish odamlarni qanchalik yaqinlashtirmoqda?

Shahar sport bilan shug‘ullanish va do‘stlar bilan vaqtichog‘lik qilish uchun eng yaxshi joy. Aholining faolligi joylarni o‘zgartiradi va ularga hayot bag‘ishlaydi. “Gazeta.uz” fotomuxbiri Yevgeniy Sorochin toshkentliklar qanday qilib ko‘cha-ko‘yda dam olib, mashg‘ulot o‘tkazayotganini kuzatdi.

“Sportchi kuchli, chempion bo‘lishi mumkin, lekin aqlan yetuk bo‘lmasa, u zaif bo‘ladi” — O‘ktam Rahmonov, dzyudochi Davlat Bobonovning ustozi

Tokiodagi Olimpiada o‘yinlari bronza medali sohibi, dzyudochi Davlat Bobonovning murabbiyi O‘ktam Rahmonov “Gazeta.uz"ga bergan intervyusida nega juda erta murabbiy bo‘lganligi, sportchilar amal qilishi kerak bo‘lgan qoidalar hamda qanday shogirdni orzu qilishi haqida gapirib berdi.