Professional bokschilar Shahram G‘iyosov va Hasanboy Do‘smatov Belgradda (Serbiya) bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok etadigan O‘zbekiston terma jamoasiga qo‘shilishdi. Jahon chempionati 22 oktabrdan 7 noyabrgacha bo‘lib o‘tadi, deb xabar berdi Turizm va sport vazirligi.

Shuningdek, terma jamoaning asosiy tarkibidan Nodirjon Mirzahmedov, Shahobiddin Zoirov, Mirazizbek Mirzahalilov, Abdumalik Xalokov, Mujibullo Tursunov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Saidjamshid Jafarov, Odiljon Aslonov, Shohjahon Abdullayev, Madiyor Saidrahimov, Lazizbek Mullajonov joy oldi. Marat Qurbonov jamoa bosh murabbiyi bo‘ldi.

Rio Olimpiadasining kumush medali sovrindori, jahon va Osiyo chempioni Shahram G‘iyosov 2018 yilning yanvar oyida professional boksga o‘tganini e’lon qilgan edi. 2016 yilgi Olimpiya chempioni Hasanboy Do‘smatov 2019 yil noyabr oyida professional ringda muvaffaqiyatli debyut qildi.

Boks bo‘yicha 2019 yilgi so‘nggi jahon chempionatida o‘zbekistonlik bokschilar uchta oltin, bitta kumush va bitta bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallashgandi.