Bekobodda yangi futbol akademiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Bekobod shahrida “Metallurg” PFK qoshida faoliyat yuritadigan “El Golazo Academy Powered by Real Madrid” futbol akademiyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, O‘zbekiston metallurgiya kombinati AO boshqaruvi rahbariyati, o‘zbek futboli faxriylari, shuningdek, “Real Madrid” klubining yaqin o‘tmishdagi mashhur futbolchilaridan biri Alvaro Arbeloa va bir qator nufuzli mehmonlar ishtirok etdi.

Foto: O‘FA matbuot xizmati

Tadbirda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov mamlakat futboli taraqqiyoti yo‘lida fidoyilik ko‘rsatayotgan Toshkent viloyati hokimligiga, O‘zbekiston metallurgiya kombinati AO boshqaruviga minnatdorchilik aytib, yaqin kelajakda mazkur akademiya tarbiyalanuvchilari orasidan mashhur futbolchilar yetishib chiqishiga tilak bildirdi.

Shundan so‘ng, “Real Madrid” U-14 jamoasi bosh murabbiyi bo‘lib faoliyat yuritayotgan Alvaro Arbeloa O‘zbekistonga tashrifidan unutilmas taassurotlar olganligini, qirollik klubining an’analari endilikda yurtimizda davom ettirilishidan xursandligini qayd etdi.

O‘zbekistonlik yosh short-trekchi Moskvada xalqaro musobaqada g‘olib bo‘ldi

Rossiyaning Moskva viloyatida short-trek bo‘yicha bolalar o‘rtasida xalqaro turnir o‘tkazildi. Unda ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchi 3 yo‘nalishda g‘alaba qozondi.

Foto: MOQ axborot xizmati

Ko‘plab xalqaro musobaqalarda g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin olib kelayotgan o‘zbekistonlik Alimardon Mahmudov 500, 777 va 1000 metr masofalarga o‘tkazilgan dasturda barcha raqiblarini ortda qoldirdi. Musobaqada Rossiyaning turli hududlari va qo‘shni respublikalardan 100 nafarga yaqin yosh short-trek ustalari bahs olib borishdi.

Usmon Toshev O‘FA terma jamoalar bo‘limi boshlig‘i etib tayinlandi

Usmon Toshev O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining terma jamoalar bo‘limida ish boshladi. Bunga qadar u “Nurafshon” klubining bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Ma’lumot o‘rnida, Usmon Toshev FIFA instruktori sifatida katta tajribaga ega, u O‘zbekistonda eng birinchilardan bo‘lib Pro litsenziyaga ega bo‘lgan mutaxassis hisoblanadi.

U faoliyati davomida bir nechta klublarda, xususan, “Andijon”, “Nasaf”, “Mayvand”, “Tofan Harirod"da bosh murabbiy sifatida ishlagan. Shuningdek, 2006 yil O‘zbekiston terma jamoasining bosh murabbiyi yordamchisi, 2018 yilda O‘zbekiston U17 jamoasi bosh murabbiyi, 2018−2021 yillar davomida Tojikiston terma jamoasining bosh murabbiyi lavozimlarida faoliyat olib borgan.

O‘zbekistonlik og‘ir atletikachi qizlar Jahon chempionatida 4 ta medalga sazovor bo‘lishdi

Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida -71 kg vazn toifasida ishtirok etgan Nigora Suvonova hamda Sevinchoy Komilova 4 ta medalga sazovor bo‘lishdi.

Dast ko‘tarish mashqida 92 kg natija ko‘rsatgan Suvonova o‘z hisobiga kumush medalni yozib qo‘ydi. Siltab ko‘tarish mashqida har ikkala sportchi shohsupaga ko‘tarildilar. Suvonova bu gal ham ikkinchi natijani qayd etgan bo‘lsa, Komilova bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Foto: MOQ axborot xizmati

Ikki kurash yakuni bo‘yicha Suvonova kumush medalni o‘ziniki qildi. Bronza medali sohibasi bilan bir xil natija qayd etgan Komilova polshalik sportchidan keyin ushbu natijaga yetib kelgani uchun to‘rtinchi o‘rin bilan kifoyalandi.

O‘smirlar o‘rtasida JCH, Jidda.

Qizlar, -71 kg:

  1. Zarina Gusalova (Rossiya) — 226 (103+123) kg;
  2. Nigora Suvonova (O‘zbekiston) — 206 (92+114) kg;
  3. Martina Dolega (Polsha) — 195 (88+107) kg;
  4. Sevinchoy Komilova (O‘zbekiston) — 195 (84+111) kg.

O‘zbekiston U14 Chempionati. Guruh bosqichi yakunlandi:


O‘zbekiston U14 Chempionati. ¼ final bosqichiga qur’a tashlandi:


O‘rtoqlik uchrashuvi. O‘zbekiston Ammanda Malayziyani yirik hisobda taslim qildi

FIFA kunlaridan o‘rin olgan O‘zbekiston — Malayziya uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi yirik hisobda g‘alaba qozondi. Gollarga 17 va 29-daqiqalarda Dostonbek Hamdamov, 33-daqiqada Husayn Norchayev, 45-daqiqada Badrol Baxtiar, 67-daqiqada Ibrohimhalil Yo‘ldoshev va 87-daqiqada Azizbek Amanovlar mualliflik qilishdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi 12 oktabr kuni Iordaniya terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.

Foto: O‘FA matbuot xizmati

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

“Iqtidor va mehnatni o‘zida jamlagan sportchilar kam” — Olim Hikmatov, erkin kurashchi Bekzod Abdurahmonovning ustozi

Erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Olim Hikmatov “Gazeta.uz"ga bergan intervyusida murabbiyning sportchi hayotidagi o‘rni, g‘alaba uchun muhim omillar, o‘z shogirdlariga nimalarni uqtirishi, Bekzod Abdurahmonovning sportdagi yo‘li va terma jamoaning keyingi rejalari haqida to‘xtalib o‘tdi.