20 oktabrdan 20 noyabrgacha “Samarqand” xalqaro aeroportida yangi aerodrom majmuasini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rish munosabati bilan parvozlarni vaqtincha to‘xtatadi. Bu haqda Uzbekistan Airports axborot xizmati xabar berdi.

Barcha qatnovlar respublikaning boshqa xalqaro aeroportlari — Navoiy, Buxoro, Qarshiga yo‘naltiriladi, bu yerdan yo‘lovchilar uchun Samarqandga yer usti transferi tashkil etiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda uzunligi 3105 metr, kengligi 60 metr bo‘lgan yangi uchish-qo‘nish yo‘lagining qurilish ishlari to‘liq yakunlangan. Bir oy ichida burilish yo‘llarini yangi uchish -qo‘nish yo‘lagi va perron bilan bog‘lash bo‘yicha ishlar olib borilishi kutilmoqda.

Samarqandda yangi aerodrom majmuasi qurilishi 2022 yilda bo‘lib o‘tadigan SHHT sammitiga tayyorgarlik ko‘rish ishlari doirasida olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida Uzbekistan Airports va Air Marakanda kompaniyalari “Samarqand” xalqaro aeroportini DXSH asosida modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasi doirasida o‘zaro bitim imzolagan edi.