«Navoiyazot» AJga qarashli 267-quduqdan (1-tashlama) daryoga hayot uchun xavfli moddalar chiqarilgan, deya xabar berdi Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, Navoiy viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari tomonidan Zarafshon daryosining Karmana tumanidan oqib o‘tuvchi qismining 5 ta nuqtasidan tahlil namunalari olib, tegishlicha o‘rganilgan. Natijada daryoga chiqarilgan moddalar belgilangan me’yorlardan bir necha barobarga yuqoriligi aniqlangan. Xususan:

  • azot ammoniy 21 barobar;
  • azot nitrat 2,6 barobar;
  • azot nitrit 60 barobar;
  • xloridlar 1,3 barobar;
  • mis ionlari 2,1 barobar.

Ma’lum bo‘lishicha, sanab o‘tilgan moddalarning belgilangan me’yordan oshirilishi tufayli daryoda yoppasiga zaharlanish yuzaga kelganligi aniqlangan.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha dastlabki surishtiruv ishlari davom etmoqda. Ishning yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi va bu ma’lumotlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilishi aytilgan.