2021 yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti jurnalistlar Mariya Ressa (Filippin) va Dmitriy Muratovga (Rossiya) topshirildi.

Nobel qo‘mitasining ta’kidlashicha, mukofot ularning «demokratiya va davomiy tinchlikning asosiy sharti bo‘lgan so‘z erkinligini himoya qilishdagi sa’y-harakatlari uchun» berilgan.

Rossiyalik jurnalist Dmitriy Muratov «Novaya Gazeta» gazetasining bosh muharriri hisoblanadi. Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi uning tahririyatini «bugungi kunda Rossiyada mamlakat miqyosida ta’sirga ega yagona haqiqiy tanqidiy gazeta» deya ta’riflagan.

Mariya Ressa filippin-amerikalik jurnalist va muallif bo‘lib, u qariyb yigirma yil davomida CNN uchun janubi-sharqiy Osiyo mintaqasida surishtiruvchi muxbir sifatida faoliyat yuritgan. U, shuningdek Fillipindagi onlayn OAV Rappler`ning ham-muassisi va ijrochi direktori hisoblanadi.

2020 yilda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Jahon oziq-ovqat dasturiga ochlik bilan kurashish borasidagi sa’y-harakatlari uchun berilgan edi.