4 oktabr kuni soat 18:30 larda, Burilma-Uchqo‘rg‘on yo‘lining 7 km da, Uchqo‘rg‘on tumani O‘ljato‘pi MFY hududida YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Namangan viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

M-412 rusumli avtomashinani ishonch qog‘ozi bilan boshqarib borayotgan haydovchi harakat vaqtida Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 3-sinfda o‘qiydigan qiz yo‘lga chiqib ketgan. Oqibatda haydovchi harakat yo‘nalishini o‘zgartirib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan. Qarshisidan harakatlanib kelayotgan, Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro (1966 y.t.) boshqaruvidagi Nexia-2 rusumli avtomashinasi bilan to‘qnashgan.

Natijada, ikka avtomashina orasida qolib ketgan piyoda og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan.

Ushbu holat bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi TB tomonidan 4 oktabr kuni JKning 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.