O‘zbekistonning amaldagi prezidenti, O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida ta’lim tizimiga to‘xtaldi.

“Islohotlarga 5 yil bo‘ldi. Birorta muallim, birorta shifokor turib aytsin, „25 yilda menga nima manfaat keltirdi?“, deb aytsin, men ulardan kechirim so‘rayman agar bu noto‘g‘ri bo‘lsa”, — deydi prezident.

U Andijonda professorlar bilan uchrashganini eslab o‘tdi.

“Xirurgiya kafedrasi mudiri menga aytyapti, „janob prezident, 3 yil oldin 1 mln 200 ming so‘m oylik olardim, hozir men 20 mln olyapman“, deb. „Men o‘zimni olim, deb sezyapman, olim“ dedi u… Endi bolalarimizni sifatli qilib… Diplom kerak emas hozir, diplom mutlaqo kerak emas. Kasb kerak! Bilim kerak! Surxondaryoga kerak bo‘lgan yo‘nalishlar kerak!”, — deya qo‘shimcha qildi Shavkat Miziyoyev.

“Ana shunda biz, Xudo nasib qilsa, besh yildan keyin boshqacha joylarda uchrashamiz. Surxondaryoda, boshqacha joylarda. Bu birinchi qadam. Lekin birinchi qadamlarimiz. Iboralar paydo bo‘ldi „qilsa bo‘lar ekan Surxondaryo zaminida ham“, degan… Adolatli hakam bo‘lsa, albatta, aytadi: „qilsa bo‘lar ekan“, deydi. Hammaga buni tushuntirish kerak emas”, — deydi u.

Prezident insofi bo‘lgan odam islohotlarga o‘zi baho berishini ta’kidladi.

“Agar insofi bo‘lsa, xudodan umidi bo‘lsa, insofi bo‘lsa, „qildi-ku, qilsa bo‘lar ekan-ku, kelajakda ham qilar ekan-ku va bizning liberal demokratiy partiyamiz qiladi“, degan ishonch bo‘lishi kerak hammada”, — dedi O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev.